Ilmiy yondashuv – yuqori hosil garovi
Ilm-fan, innovatsiya va amaliy tajriba uyg‘unligi qishloq xo‘jaligida yuqori natijalarga erishishning hal qiluvchi omiliga aylanmoqda. Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan amaliy seminarlar va dala uchrashuvlari ana shu tamoyilning amaldagi ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlarda paxtachilik va bog‘dorchilikda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish, har bir gektar yerning unumdorligini oshirish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda raqamli yechimlarni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Dastlab Oqoltin tumanidagi "Bobur qishloq xo‘jaligi" klasteri dala maydoni hamda Mirzaobod tumanidagi "Arslon ibn Rahmon" fermer xo‘jaligida paxta parvarishiga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimligi mutasaddilari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimi rahbar va mutaxassislari, ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, agroklasterlar rahbarlari hamda yuzlab fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etishdi.


Fermer xo‘jaligining 37 gektar paxta maydonida "Shinjon" agrotexnologiyasi asosida parvarishlanayotgan g‘o‘zaning rivojlanish holati ko‘zdan kechirildi. Vegetatsiya davrida bajarilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar, jumladan, sug‘orish, mineral oziqlantirish, kultivatsiya, chekanka, hosil elementlarini saqlab qolish hamda o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi. Dala sharoitida har bir agrotexnik tadbirning hosildorlikka ta’siri aniq misollar orqali tushuntirildi.


Seminarning ahamiyati shundaki, nazariy tavsiyalar amaliyot bilan uyg‘unlashtirilib, fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha olimlari va mutaxassislaridan javoblar olishdi. Bu esa ilmiy ishlanmalarni bevosita ishlab chiqarishga tatbiq etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va agrotexnik tadbirlarni yagona yondashuv asosida tashkil etishga xizmat qiladi.

Vazir shu kunning o‘zida Mirzaobod va Sayxunobod tumanlaridagi bir qator qishloq xo‘jaligi ob’ektlarida bo‘lib, joylardagi ishlar bilan tanishdi. Har bir manzilda fermerlar, agroklasterlar rahbarlari, agronomlar va soha olimlari bilan muloqot qilib, mavsumning eng dolzarb vazifalari yuzasidan amaliy tavsiyalar berdi. Ayniqsa, suv tanqisligi sharoitida tomchilatib sug‘orish tizimlarini kengaytirish, mineral o‘g‘itlardan ilmiy me’yorlar asosida foydalanish, raqamli monitoring va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bugungi kunning muhim vazifasi ekani ta’kidlandi.

Mirzaobod tumanidagi "Sirdaryo-Agro Star" MCHJda tashkil etilgan 25 gektarlik intensiv anor bog‘i zamonaviy bog‘dorchilikning amaliy namunasi sifatida e’tirof etildi. Bu yerda 3 ming 120 tup "Akko" va "Wonderful" navli anor ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Tomchilatib sug‘orish, raqamli monitoring va sun’iy intellekt elementlari asosida boshqarilayotgan bog‘da qator oralariga ertapishar tarvuz ekilishi yerdan samarali foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirgan. Loyiha to‘liq ishga tushganidan keyin yiliga 775 tonna eksportbop anor yetishtirish rejalashtirilgan. Ayni paytda bu yerda 10 nafar doimiy va 30 nafar mavsumiy ishchi mehnat qilmoqda.

Keyingi manzil "Mirzacho‘l Agrop Klaster" MCHJ bo‘ldi. Bu yerda g‘alladan bo‘shagan 30 gektar maydonga takroriy ekin sifatida paxta ekilgan. Umuman, Mirzaobod tumanida joriy mavsumda 500 gektar g‘alladan bo‘shagan yerga takroriy paxta joylashtirilgan. Mutaxassislar fikricha, mazkur tajriba yer resurslaridan yil davomida samarali foydalanish, qo‘shimcha hosil yetishtirish va fermerlar daromadini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Sayxunobod tumanidagi “Daxpolitex” MCHJda paxtachilikda zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash natijalari tahlil qilindi. Joriy yilda tumanda 8 ming gektar maydonga g‘o‘za ekilgan bo‘lib, uning 6 ming gektarida "Shinjon" agrotexnologiyasi joriy etilgan. Korxona tasarrufidagi 4 ming gektar paxta maydoni to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimi bilan ta’minlangan. Uchrashuvda g‘o‘zaning vegetativ o‘sishini me’yorlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi profilaktika choralarini kuchaytirish, mineral oziqlantirishni tahlillar asosida tashkil etish hamda hosil elementlarini saqlab qolish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, viloyatda 200 gektar maydonda jut yetishtirilayotgani, uning 50 gektar “Daxpolitex” MCHJ hissasiga to‘g‘ri kelishi qayd etildi. Mutasaddilar bilan bo‘lgan muloqotda jutning to‘qimachilik va qayta ishlash sanoati uchun muhim xomashyo ekani, uni yetishtirish, hajmini oshirish orqali mahalliy sanoatning xomashyo bazasini mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilindi.


Vazir Sayxunobod tumanidagi "Shukronalik mo‘’jizalari" fermer xo‘jaligida ham bo‘lib, g‘alladan bo‘shagan yerlardan unumli foydalanish tajribasi bilan tanishdi. Xo‘jalikda 50 gektar maydonda g‘alla o‘rib olingach, 30 gektariga mosh, 15 gektariga Amerika seleksiyasiga mansub yuqori hosilli makkajo‘xori ekilgan. Joriy mavsumda g‘alladan gektariga qariyb 100 sentner hosil olingan. Endi esa moshdan gektariga 2 tonna, makkajo‘xoridan esa 10 tonna hosil olish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvlarda har bir gektar yerdan yuqori iqtisodiy samara olish, takroriy ekinlar maydonini kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish va raqamli texnologiyalarni agrar tarmoqqa keng joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugun qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyat kaliti ilm-fan yutuqlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish hamda fermer, olim va mutaxassislar hamkorligini yanada mustahkamlashdadir. Sirdaryoda o‘tkazilgan mazkur amaliy seminarlar va dala uchrashuvlari aynan shu maqsadlarga xizmat qilib, sohada ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri