Ilmiy tadqiqotlar va tarixiy ma’lumotlar tahlil qilindi
Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hududidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida “Ikkinchi jahon urushi: ilmiy tadqiqot va tarixiy ma’lumotlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi, “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyati, Fanlar akademiyasi huzuridagi mamlakatimizning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz hamda Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda Senat qo‘mitasi rahbariyati va a’zolari, Xalq diplomatiyasi markazi mas’ullari, Mudofaa vazirligi zobitlari, tarixchi olimlar, Italiya Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi hamda xorijiy mutaxassislar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Dastlab ishtirokchilar tomonidan majmua hududidagi “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gulchambar qo‘yilib, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi.
Ochilish marosimida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Karshiyev so‘zga chiqib, ishtirokchilarga minnatdorlik bildirdi, ajdodlar xotirasini abadiylashtirishning ahamiyatini ta’kidladi.

Markaz direktori Qobiljon Sobirov esa tarixiy xotirani asrash xalq diplomatiyasining muhim poydevori ekanini ta’kidlab, o‘zbek xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi xalqaro miqyosda keng targ‘ib etilayotganini qayd etdi. Diyorimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni ajdodlar xotirasiga yuksak ehtirom ramzi sifatida nishonlanishi, front va front ortidagi fidokorona mehnat namunasi yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishiga urg‘u berdi. Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan tarixiy xotirani asrash va millatlararo do‘stlikni mustahkamlashga qaratilgan turli xalqaro hamkorlik loyihalari, jumladan Belarus va Rossiya bilan birga amalga oshirilgan ilmiy-amaliy tadbirlar, ko‘rgazmalar, xotira kechalari haqida ma’lumot berdi. Bunday tashabbuslar umumiy tarixiy merosni o‘rganish va kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida mutaxassislar va tarixchi olimlar Ikkinchi jahon urushi milliy harbiy tuzilmalari, o‘zbek jangchilarining ma’naviy-ruhiy qiyofasi, urush davrida harbiy san’at rivojlanishi, front ortidagi mehnat jasorati, umuman g‘alabaga qo‘shilgan munosib hissa mavzularida ma’ruzalar taqdim etildi.
Shuningdek, Italiyada nashr etilgan “IL Contributo del popolo dell’Uzbekistan alla vittoria nella seconda guerra mondiale” nomli kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Belarus Respublikasi Milliy arxivi hamda xalqaro tadqiqot guruhlari vakillarining video murojaatlari namoyish etildi.

Anjuman yakunida faol ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlandi, xorijiy mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi hamda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining 5 yilligi munosabati bilan yubiley medallari taqdim etildi.
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA