Ilmiy tadqiqot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Qashqadaryo viloyatida joylashgan Shahrisabz davlat pedagogika instituti qoshida ilmiy tadqiqot markazi tashkil etildi. Markaz faoliyati doirasida talabalarni yurtimiz allomalari, shoir va yozuvchilari, shuningdek, fan-texnika sohasidagi zamonaviy yutuqlar hamda ilmiy kashfiyotlar bilan yaqindan tanishtirish, turli ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Markazning ochilish marosimi munosabati bilan o‘tkazilgan dastlabki tadbirda ishtirokchilar O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov hamda akademik Qalandar Abdurahmonovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Unda adib va olimning turli yillarda nashr etilgan asarlari, ilmiy va ijodiy faoliyatiga oid fotolavhalar hamda videomateriallar namoyish etildi.


Shundan so‘ng institut majlislar zalida professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirni institut rektori, professor Mash’al Saidov ochib, markaz yoshlarni milliy qadriyatlar, ma’naviyat va ilm-fan an’analari ruhida tarbiyalash, buyuk ajdodlar merosini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilganini ta’kidladi.


Tadbirda akademiklar Qalandar Abdurahmonov va Akmal Saidov, senator Abdurahim Erkayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Sharafiddin Nazarov va Lola Mahmaliyorova, viloyat davlat arxivi boshqarmasi boshlig‘i Saidulla Boboqulov, Abdulla Oripovning rafiqasi Xanifa Mustafoyeva ishtirok etib, yangi tashkil etilgan markazning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Tadbir yakunida institut badiiy havaskorlik jamoasi tomonidan mumtoz va zamonaviy qo‘shiqlardan iborat konsert dasturi namoyish etildi.


O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri