Ilmiy stajirovka yakuni bo‘yicha seminar o‘tkazildi
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida Boshqirdiston Respublikasiga ilmiy stajirovka yakuniga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda markaz mutaxassislari “Istiqbolli cho‘l va dorivor o‘simliklarni in vitro sharoitida ko‘paytirish va ularning genbankini yaratish” loyihasini amalga oshirish doirasida Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasiga uyushtirilgan ishchi safari natijalarini taqdim etdilar.
Seminarning maqsadi xodimlar o‘rtasida olingan bilimlarni tarqatish, jamoani zamonaviy ilmiy yondashuvlar bilan tanishtirish va ilg‘or biotexnologik ishlanmalarni markazning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga joriy etish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat edi.

Tadbir davomida stajirovka ishtirokchilari hamkasblariga tashrif dasturi, Rossiyaning yetakchi olimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar, hududning ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bazasida tashkil etilgan ilmiy-amaliy mashg‘ulotlar va mahorat darslari haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Seminar doirasida ixtisoslashtirilgan biotexnologik laboratoriyalar ishini tashkil etish, in vitro o‘simliklar kolleksiyalarini shakllantirish va saqlashning zamonaviy yondashuvlari, zamonaviy laboratoriya uskunalaridan foydalanishning amaliy jihatlari, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishda qishloq xo‘jaligi va biotexnologiyalarda raqamli texnologiyalarni qo‘llash tajribasi taqdim etildi.
Ochiq muhokama davomida markaz xodimlari o‘rganilgan texnologiyalarni Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining ilmiy faoliyatiga joriy etish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. O‘simliklarni mikroklonal ko‘paytirish, genetik resurslarni saqlash va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tadqiqotlarni takomillashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Amaliyot ishtirokchilari o‘z chiqishlarida ta’lim dasturi yakunida ularga Boshqirdiston Respublikasining yetakchi ilmiy va ta’lim tashkilotlari bazasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy tadbirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etganliklarini tasdiqlovchi sertifikat va guvohnomalar topshirilganini ta’kidladilar.
Dovud Abibullayev, O‘zA