Ilmiy faoliyat borasidagi monopoliyaning oldi olinadi
Qonun loyihasiga sharh
Mamlakatimizda ilm-fan sohasi rivojiga alohida e’tibor qaratilib, sohada to‘planib qolgan masalalar o‘z yechimini topmoqda. Ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotir. Natijada O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda tutgan o‘rni tobora ko‘tarilib bormoqda.
Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ilmiy tadqiqotlar sifatini ko‘tarishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi. Mazkur loyiha mazmun-mohiyati haqida deputat Oydin Abdullayeva o‘z fikrlarini bildirdi:
— Ilmiy faoliyatni rivojlantirish borasidagi ishlar bilan birga, oliy ta’lim muassasalarining mustaqilligini kengaytirish, ular faoliyatida davlat ma’muriy boshqaruvini keskin kamaytirish hamda shu orqali o‘zgaruvchan mehnat bozori talablariga javob bera oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi davlat oliy ta’lim muassasalarini shakllantirish zarurati yuzaga kelmoqda.

“Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 25-moddasida ilmiy kengash a’zolarining yarmidan ko‘pi mazkur kengashni tuzgan ilmiy tashkilot va ta’lim muassasasi (ilmiy tashkilot)da faoliyat yurituvchi mutaxassis va olimlardan iborat bo‘lishi kerakligi haqidagi norma mavjud edi. Prezidentimizning 2021-yil 24-dekabrdagi qaroriga muvofiq ushbu norma chiqarib tashlanmoqda.
Gap shundaki, ilmiy faoliyat borasidagi monopoliyani bekor qilish maqsadidamiz. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish jarayonida ilm-fan integratsiyasi nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Ilm-fan tobora rivojlanyaptiki, bunaqa paytda turli ilmiy faoliyatlar, ilmlar bir-biri bilan birlashuvi, bitta ilmiy sohaning ikkinchi soha metodikasi va tushunchalaridan foydalanish holatlari juda ko‘p uchrayapti. Ayniqsa, bugungi kunda madaniy meros va arxeologik tadqiqotlarni rivojlantirish sohasida turli soha olimlarining birlashuvini taqozo etadigan jarayon yuzaga keldi. Shu nuqtayi nazardan ushbu qonun loyihasi muhim o‘rin tutadi.
Uning qabul qilinishi ilmiy tadqiqotlar bir muassasaning monopoliyasiga aylanib qolishining oldini olishga, ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar ishini samarali tashkil qilishga, ularning tarkibiga taniqli mutaxassis, olimlarni keng jalb qilgan holda ilmiy xolislikni ta’minlashga, ilmiy tadqiqotlar sifatini ko‘tarishga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova
yozib oldi.