Ilm-fan yutuqlari ishlab chiqarishga
Mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini amaliyotga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini amaliyotga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida «Texnika va texnologiyalarni modernizatsiyalash sharoitida iqtidorli yoshlarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalari» mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikrlashildi.
Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ishlab chiqarishning texnologik darajasi va raqobatbardoshligini oshirish, innovatsion mahsulotni ichki va tashqi bozorga chiqarish, ilg‘or innovatsion loyiha va ishlanmalarni hayotga joriy etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Tadbirda institut rektori Q.Jumaniyozov va boshqalar yoshlarni innovatsion loyihalar yaratishga jalb etish, iqtidorli talabalar olib borayotgan ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarining joriy etilishini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Konferensiyada mamlakatizning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tadqiqotlar olib borayotgan iqtidorli yoshlarning ikki yuzdan ortiq ilmiy ishlanmalari, loyihalari, shu asosda yaratilgan qo‘llanmalari tahlil etildi. Anjuman yakuni bo‘yicha yosh olimlarning eng yaxshi ilmiy maqolalari navbatdagi Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida ishtirok etish uchun tavsiya qilindi.
Anjumanda paxta sanoatida mexanika muammolari va uning innovatsion yechimlari, to‘qimachilik sanoatini yangi texnologiyalar asosida rivojlantirish, sohani modernizatsiyalash kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.