Toshkentda xalqaro simpozium boshlandi
Toshkentda 10-noyabr kuni «Fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalari: muammolar, yutuqlar, istiqbollar» mavzuida xalqaro simpozium boshlandi
Toshkentda 10-noyabr kuni «Fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalari: muammolar, yutuqlar, istiqbollar» mavzuida xalqaro simpozium boshlandiVatanimiz qadimdan jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida mamlakatimizning ilm-fan va ma’rifiy salohiyatini yanada yuksaltirishga ulkan e’tibor qaratildi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda kosmik nurlar, yadro fizikasi, materialshunoslik, akustika, optika va spektroskopiya, lazer termokimyosi, nazariy fizika, mikroelektronika, astronomiya va astrofizika bo‘yicha keng ko‘lamli ilmiy-tadqiqotlar olib borilib, jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ilmiy maktablar yaratildi. Nazariy va eksperimental fizika sohasidagi ustuvor ilmiy tadqiqotlar energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, elektronika, fotonika, uskunasozlik kabi tarmoqlar rivojida muhim rol o‘ynamoqda. Jahon iqtisodiy inqirozi davom etayotgan, xalqaro bozordagi beqarorlik ko‘plab davlatlarning iqtisodiy rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, tabiiy resurslar tugashi barobarida ular uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi davrda mamlakatimizning ertangi taraqqiyoti zamonaviy o‘zbek fizika fani rivojining yangi strategiyasini shakllantirish bilan ham chambarchas bog‘liqdir.
Poytaxtimizda «Fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalari: muammolar, yutuqlar, istiqbollar» mavzuida xalqaro simpozium o‘tkazilishi ana shu jihatdan katta ahamiyatga ega. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur xalqaro forum O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamkorligida o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, AQSh, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Misr, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Belgiya, Avstraliya kabi qariyb 30 davlatdan 300 dan ortiq yetakchi fizik olim, mamlakatimizdagi vazirlik, idora va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, talabalar ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Solihov, Germaniyadagi Bavariya ilm-fan akademiyasi prezidenti Karl Hoffmann va boshqalar Sharq va G‘arb sivilizatsiyasini bog‘lagan Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan O‘zbekiston qadimdan ilm-ma’rifat chorrahasi bo‘lganini, bu an’analar mustaqillik yillarida munosib davom ettirilayotganini, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbuskor bo‘lgan mazkur xalqaro simpozium buning yana bir amaliy isboti ekanini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 28-iyuldagi farmoyishiga muvofiq ushbu xalqaro anjumanga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rildi.
Simpoziumda fizika, astronomiya va astrofizika, energetikaning, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llash samaradorligini oshirishning ilmiy asoslari, mahalliy xomashyo manbalari asosida yangi materiallar olish, zamonaviy nanofizika va nanotexnologiyani rivojlantirishning eng muhim masalalari to‘rt sho‘bada muhokama qilinmoqda.
Nazariy fizika tabiat qonunlarini mavjud voqelik bilan o‘zaro solishtirgan holda anglash, matematik modellar asosida anglatishdir. Astrofizikada osmon jismlari – Quyosh, sayyoralar, kometalar yoki yulduzlar to‘pining fizik tuzilishi, yuza va atmosfera qatlamlarida ro‘y berayotgan fizik jarayonlar tadqiq etiladi, ularning kimyoviy tarkibi aniqlanadi. Simpoziumning «Nazariy fizika va astrofizika» sho‘basida nanorezonatorlar bilan ko‘p atomlarning chigallik injeneriyasi, ilgarilanma tez aylanishning kvant dinamikasi, Maydanak observatoriyasidagi astrofizik tadqiqotlar, Somon yo‘li galaktikasining paydo bo‘lishi, O‘zbekiston tog‘laridagi xavfli ofatlar kechishi mumkin bo‘lgan sohalarni oldindan baholashning yangi usullari kabi masalalar muhokama etilmoqda.
– O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ilm-fan, ta’lim va ma’rifat rivojiga homiylik qilgan buyuk davlat arbobi sifatida insoniyat tarixida mangu qoladi, dunyo fiziklarining mazkur anjumanini tashkil etishda ham aynan O‘zbekiston rahbari tashabbuskor bo‘lgandi, – deydi Osiyo-Tinch okeani Nazariy fizika markazi prezidenti, professor Bum-Xoon Li (Janubiy Koreya). – Bugun elementar zarralar va kondensirlangan muhitlar (qattiq, suyuq va gazsimon moddalar) tizimidagi o‘zaro kuchli ta’sirlashuvni nazariy tushuntirish jahon fizikasida dolzarb muammo hisoblanadi. Mazkur forumda biz so‘nggi yillarda tor doirada rivojlantirilgan galografiya (optikada rivojlangan uch o‘lchamli tasvirni hosil qilish) prinsipi ushbu muammoni hal qilishda butunlay yangi uslub bo‘lishi mumkinligini muhokama qilmoqdamiz.
Eksperimental fizika bizni o‘rab turgan olamni mavjud tajribalar asosida yangi usullar bilan o‘rganishdir. Agar nazariy fizikada tabiat matematik modellar bilan tekshirilsa, eksperimental fizikada tabiatning o‘zi tadqiq etiladi. Xalqaro forumning «Eksperimental fizika» sho‘basi dasturidan tezkor neytronlar dozasini o‘lchash, lazer diodlarining o‘ta fokuslangan nurlanishi va ularning parametrlari, lazer nurlanishining kremniy va germaniy kristallariga ta’siri, biotibbiyotda qo‘llash uchun o‘ta qisqa to‘lqinli kompakt kvant lazerlarni yaratish masalalari, nanotexnologiyaning energetika va sog‘liqni saqlashdagi ahamiyati kabi mavzular o‘rin olgan.
– Bugun O‘zbekistonda ilm-fan ravnaqiga alohida e’tibor qaratilayotgani, ichki va tashqi bozorda xaridorgir-raqobatdosh mahsulotlar tayyorlashda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi mexanizmi mustahkam yo‘lga qo‘yilgani mamlakatingiz hududida qadimiy va fundamental asosga ega ilmiy maktablarning izchil davom ettirilayotganidan dalolatdir, – deydi Aston fotonik texnologiyalar instituti rahbari, professor Edik Rafailov (Buyuk Britaniya). – Keyingi vaqtda jahonda ixcham, arzon va o‘ta qisqa impulsga ega, infraqizil va inson ko‘zi ko‘radigan diapazonda nurlanadigan lazerlarga qiziqish oshmoqda. Mazkur xalqaro anjumanda biz shunday lazerlarni ishlab chiqarishdagi yutuqlar va ularning imkoniyatlari haqida fikrlashmoqdamiz. Mazkur yangi avlod lazerlari rentgen, ko‘zga ko‘rinadigan va radiochastota diapazondagi elektromagnit nurlanishlar hamda magnit maydonning tirik organizmlarga ta’sirini o‘rganuvchi yangi fan – biotibbiyot fotonikasida juda muhim ahamiyatga ega.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, dunyoda muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalarini izlab topish va ularning samaradorligini oshirish, bunda, avvalo, quyosh, shamol, to‘lqinlar kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish jadal o‘sib bormoqda. Buning asosiy sababi – jahon iqtisodiyotida energiyaga bo‘lgan talabning yil sayin ortib borayotganida. Boz ustiga, tabiiy gaz, neft, ko‘mir kabi an’anaviy tabiiy resurslar zaxiralari keskin kamayib ketmoqda, ularning yangi manbalarini o‘zlashtirish tobora qiyinlashmoqda. Bugun energiya resurslari manbalariga ega davlat nainki cheksiz daromad olish, balki xalqaro maydonda o‘z mavqei va ta’sirini oshirish imkoniga ham ega bo‘lishi hech kimga sir emas.
O‘zbekistonda bu muammolar yechimi borasida boy tajriba to‘plangan. Ayniqsa, quyosh energiyasining termodinamik o‘zgartirilishi, shu jumladan, Stirling yuritgichlari va ularning asosida quyosh energetik va suv ko‘targich qurilmalari, quyosh fotoelektrik va quyosh-issiqlik elektr stansiyalariga oid salmoqli ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov 2013-yil noyabrda poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Osiyo Quyosh energiyasi forumining oltinchi yig‘ilishidagi nutqida O‘zbekistonda quyosh energiyasining yalpi salohiyati 51 milliard tonna neft ekvivalentidan ortiq ekanini, ana shu resurslar hisobidan mamlakatimizda iste’mol qilinadigan elektr energiyasidan 40 barobar ko‘p hajmdagi elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkinligini ta’kidlagandi. O‘tgan yillar davomida bu borada keng qamrovli loyihalar amalga oshirildi. Xususan, Namangan viloyatining Pop tumanida 130 kilovatt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Ayni kunda Samarqand viloyatida 100 megavatt quvvatga ega ana shunday stansiya qurilmoqda. Bunda asosiy xomashyo – polikristalli kremniy materiali «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilmoqda. 2020-yilga borib mamlakatimizda har biri 100 megavatt quvvatga ega yana uchta quyosh elektr stansiyasi foydalanishga topshiriladi.
Simpoziumning «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari» sho‘basida quyosh energiyasidan samarali foydalanish uchun shaffof o‘tkazuvchan magniy va rux oksidi birikmasining xarakteristikasi, elektroxromik tizimlarning yangi kreativ texnologiyalari, elektromagnit maydon asosida standart dinamikaning rivojlanishi, qayta tiklanuvchan funksiyali himoyalovchi qoplamalar, ketma-ket ulangan kanallar asosida qo‘sh tranzistor yacheyka yaratish usullari kabi mavzularning keng muhokama etilishi O‘zbekistonda quyosh energetikasi sohasini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Bugun zamonaviy ishlab chiqarishning barcha tarmog‘i, qurilish, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalarining taraqqiyoti, shubhasiz, yangi materiallarga bog‘liq. Bu mamlakat rivoji, aholi hayot sifatining oshishiga ham xizmat qiladi. Materiallar – sivilizatsiya uchun pog‘ona, yangi materiallar bu pog‘onani vaqtliroq va samaraliroq bosib o‘tish uchun tramplindir. Shu ma’noda xalqaro forumning “Yangi materiallar” sho‘basida nanoo‘lchamli materiallarning zamonaviy biologiya va tibbiyot sohalarida qo‘llanish imkoniyatlari, yangi materiallar va texnologiyalar sohasida uglerodli nanozarrachalar, grafin (uglerod halqasi) va unga o‘xshash materiallarning nanomuhandislikdagi istiqbollari, maxsus magnit yordamida magnit zaryadini kagomi (kompozit) materialiga yo‘naltirish kabi mavzularning ko‘rib chiqilishi nafaqat mamlakatimiz ilm-fani, balki boshqa ko‘plab sohalar rivojida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur xalqaro forum bugun jahon fizikasidagi dolzarb fundamental va amaliy masalalarni muhokama qilish bilan birga, o‘zbek fizika maktabining mustaqillik davridagi yutuqlarini xalqaro miqyosda yana bir bor keng namoyish etishda yaxshi imkoniyatdir. Bu o‘zbek fizika maktabining salohiyatini yanada yuksaltirish, mamlakatimizda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.