Ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish hamda innovatsion ishlanmalarni amaliyotga bevosita joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda «O‘zbekiston TMK» AJ o‘rtasida strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.
Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Sh.Turdiqulova boshchiligidagi bir guruh olimlarning «O‘zbekiston TMK» AJga tashrifi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar sanoat ehtiyojlariga yo‘naltirilgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy natijalarni tijoratlashtirish masalalarini muhokama qildilar. Muzokaralar yakunida hamkorlikda Texnologiyalar transferi ofisini tashkil etish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi.
Yangi tashkil etiladigan ofis «ilmiy g‘oya → texnologiya → prototip → pilot sinov → ishlab chiqarishga joriy etish → tijoratlashtirish» zanjiri asosida ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish va ularni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.


Shuningdek, hamkorlik doirasida bir qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Jumladan, kompaniya hududida yarimo‘tkazgichlar, yuqori tozalikdagi 5N–7N materiallar, gidrometallurgiya, batareya materiallari, sun’iy intellekt va raqamli egizaklar bo‘yicha maxsus laboratoriyalar tashkil etiladi. Geologiya, raqamli kon, kritik metallar va tijoratlashtirish kabi yo‘nalishlarda esa maxsus seksiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, sanoat muammolarini bevosita ilmiy tadqiqot mavzusiga aylantirish, ilmiy konsorsiumlar tuzish va tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish uchun qulay raqamli muhit yaratiladi.

Mazkur hamkorlik mexanizmi Fanlar akademiyasi instituti olimlarining intellektual salohiyatini real sektor ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirib, mamlakatimizda innovatsion texnologiyalarni bevosita va tezkorlik bilan amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA