Ilm-fan sohasida yagona raqamli platforma ishga tushiriladi
O‘zbekistonda ilmiy laboratoriyalarning sun’iy intellektga asoslangan yagona ilmiy platformasi ishga tushiriladi.
Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ishlab chiqilayotgan mazkur loyiha mamlakatdagi barcha ilmiy-tadqiqot infratuzilmalari haqidagi ma’lumotlarni yagona markazlashgan axborot resursi sifatida jamlab, ularni samarali boshqarish imkonini beradi.
Shuningdek, ilm-fan va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda ilmiy infratuzilmalardan foydalanish samaradorligini prognozlash va optimallashtirishga oid tahlillar sun’iy intellekt texnologiyalari orqali amalga oshiriladi. Bu esa vaqt va moddiy resurslarni tejashga xizmat qiladi.
Qayd etilishicha, mazkur platforma sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, ilmiy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, platforma ilmiy izlanishlar sifatini oshirish, takroriy xarajatlarni kamaytirish hamda respublikaning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan ilmiy laboratoriyalar imkoniyatlaridan to‘liq va maqsadli foydalanish imkonini yaratadi.
Sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yaratilayotgan mazkur platforma respublikada ilm-fanning raqamli kelajagini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
N.Rahmonova,
O‘zA