Ilk rivojlanish markazi – bolalar uchun katta imkoniyat
Bugun yurtimizda maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar har bir bolaga teng imkoniyat yaratish, uning iqtidorini erta kashf etish va sifatli ta’limga tayyorlashga xizmat qilyapti.
Ana shunday ezgu maqsadlar davomi sifatida joriy yilda Toshkent viloyatining 6 ta hududida – Chinoz, Yangiyo‘l, Toshkent, Yuqori Chirchiq, Ohangaron va Parkent tumanlarida yangi “Ilk rivojlanish markaz”larini tashkil etish belgilangan. Ushbu xayrli tashabbusning navbatdagi manzili Parkent tumanining Qiziltog‘ mahallasi bo‘ldi. Bu yerda 120 nafar bolajonni qamrab olish imkoniyatiga ega zamonaviy “Ilk rivojlanish markazi” o‘z eshiklarini ochdi.

Mazkur markaz Prezidentimizning 2024-yil 23-sentabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. Tantanali ochilish marosimida soha mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari hamda hamkor tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.
Mazkur markazning eng muhim vazifasi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan bolalar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishdir. Bu yerda ular nafaqat bilim oladi, balki jamoaga moslashish, muloqot qilish, fikrlash va ijod qilish ko‘nikmalarini ham shakllantiradi. Har bir bolaning yoshi, qiziqishi va ehtiyoji inobatga olingan holda tashkil etilgan muhit ularning har tomonlama rivojlanishi uchun xizmat qiladi.
Qiziltog‘da ochilgan ushbu markaz shunchaki yangi bino emas. Bu orzularga ochilgan eshik, bilimga qo‘yilgan ilk qadam va kelajakka kiritilgan muhim sarmoyadir. Zero, bolalar uchun yaratilgan har bir imkoniyat mamlakat kelajagiga qo‘yilgan mustahkam poydevordir.
A.Musayev, O‘zA muxbiri