Ikki mintaqa hamkorligi yo‘lida muhim qadam
Toshkent shahrida joriy yilning 15-16 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida Prezidentimizning “Tarixiy va sivilizatsiyaviy mushtaraklik, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlari farovon kelajakni bunyod etishda mustahkam zamin yaratish” mavzuidagi nutqini butun dunyo jamoatchiligi katta qiziqish bilan kuzatdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur nufuzli tadbirdagi nutqdan kelib chikib kasaba uyushmalari oldida turgan vazifalar, ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilab olish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining murojaatnomasi e’lon qilindi.
Buxoroda mazkur murojaatnomani barcha bo‘g‘indagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari – korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar, jumladan yoshlar orasida targ‘ib etish maqsadida ochiq muloqot shaklidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Taxdidlar va imkoniyatlar» sharoitida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining ko‘p millionli azolari va mamlakatimiz aholisiga murojaati o‘qib eshittirildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi globallashuv asrida nafaqat mamlakatlar, balki mintaqalararo chegaralar ochilib, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ilm-fan, xavfsizlik va boshqa sohalarda kuchli hamkorlikka ehtiyoj paydo bo‘lmoqda. Shunday ekan mavjud muammolarni hal qilish va taraqqiyotga erishish uchun Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari hamkorlikni yanada kuchaytirishi zarurati paydo bo‘lmoqda. Davlat rahbarining ta’biri bilan aytganda “shunday murakkab sharoitda qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zarurat va tabiiy jarayonga aylanmoqda”.
[gallery-3276]
Shuningdek, konferensiyada davlatimiz rahbari qator takliflarni bildirdi. Jumladan, “Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishni rag‘batlantirish va ekologiya masalalari, ayniqsa, bugungi kunda global muammoga aylanib borayotgan Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyat va uning oqibatlarini yumshatish choralarini ko‘rish kerakligiga to‘xtaldi. Prezidentimiz Orol fojeasiga Birlashgan Millatlar Tashkilotida va boshqa xalqaro anjumanlarda har doim dunyo hamjamiyatining e’tiborini qaratib kelmoqda.
Konferensiyada Prezidentimiz turizm masalasida “Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan sayyohlik salohiyatini to‘liq ishga solish tarafdori” ekanligini alohida qayd etdi.
Koronavirus pandemiyasi jamiyatning barcha sohalari, shu jumladan, turizm sohasiga ham salbiy ta’sirini qo‘rsatdi. Eng katta zararni ushbu soha ko‘rdi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida deyarli barcha davlatlar o‘z chegaralarini yopib, davlatlararo transportning barcha turlari to‘xtatildi.
Bu esa butun dunyo davlatlari o‘rtasidagi integratsiya jarayonlariga salbiy ta’sir qilib, birinchi navbatda dunyo bo‘ylab turistlar oqimini keskin kamaytirdi. Endi esa, mazkur sohani qayta tiklash va yanada rivojlantirish uchun davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “vaksinatsiya bo‘yicha o‘zaro tan olingan sertifikatlar asosida “Yangi sharoitdagi turizm” konsepsiyasini keng joriy etish zarur”.
Konferensiyaning ahamiyati va unda bildirilgan takliflarning dolzarbligini unda ishtirok etganlar ham alohida ta’kidladi. Chunki Prezidentimiz aytganidek, “o‘zaro aloqalarni va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamasdan turib, bugungi kunda mamlakatlarimiz duch kelayotgan xavf-xatar va tahdidlarni yengib bo‘lmasligini chuqur anglash vaqti keldi”. Demak, hamkorlikni kuchaytirish borasida bu kabi anjumanlar, uchrashuvlar tez-tez o‘tkazib turilishi kerak.
Tadbirda Prezidentimizning xalqaro anjumandagi nutqi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining ko‘p millionli a’zolari va mamlakatimiz aholisiga murojaati bo‘yicha fikr mulohazalar bildirildi..
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA