Ikki buyuk arboblar ijodi va faoliyatiga bag‘ishlangan miniatyura asarlari namoyish etildi
Buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning 582 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning 540 yillik yubileyi mamlakatimiz bo‘ylab adabiyot va ilm-ma’rifat bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Navoiyshunoslik va Boburshunoslik sohasida ko‘plab ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi filiali «Toshkent muzeyi»da buyuk shoh va shoir, qalb va so‘zni birlashtira olgan Zahiriddin Muhammad Bobur hamda so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Ajdodlar merosi mangu barhayot» nomli tadbir va ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan ko‘rgazmada miniatyura asarlari namoyish etilgan. Buyuk mutaffakkir, shoir va davlat arboblari ijodi va faoliyatiga bag‘ishlangan bu asarlar rassom Bahodir Hojimetov va Behzod Hojimetov qalamiga mansub.

Tadbirda so‘z olganlar shoirning o‘z xalqi va millati uchun fidoyi inson bo‘lganligi, millat taraqqiyoti va jamiyat obodligi yo‘lidagi faoliyati biz uchun ibrat maktabi ekanligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tishdi. Tadbirda Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti doktorantlari, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari va Shayxontohur tumani «Kamalak» bolalar tashkiloti sardorlarining ma’ruzalari tinglandi. Bir qator maktablar o‘quvchilarining madaniy-ma’rifiy chiqishlari namoyish etildi.

M.Komilova, O‘zA