Ijtimoiy muassasalarga beg‘araz yordam
Farg‘onada Xalqaro taraqqiyot agentligi agentligi (USAID) dasturi doirasida O‘zbekistonga yetkazib berilgan vitamin va minerallar bilan boyitilgan sabzavotli aralashmalar viloyatdagi sil va ruhiy kasalliklar shifoxonalari hamda ijtimoiy muassasalarga topshirildi.
"Sog‘lom avlod uchun" hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi va "Resource and Policy Exchange"(AQSH) nodavlat notijorat tashkiloti o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 2010-2022 yillarda USAIDning "Tinchlik uchun oziq-ovqat" loyihasi doirasida quritilgan sabzavot aralashmalaridan iborat insonparvarlik yuklari qabul qilinib, mamlakatimizdagi ijtimoiy muassasalariga yetkazib berildi. O‘tgan yil avgust oyida qiymati 422,85 ming AQSH dollari bo‘lgan 131,3 tonna vitaminlar bilan boyitilgan quritilgan sabzavot aralashmalardan iborat navbatdagi insonparvarlik yordami keltirilib, yurtimizdagi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muassasalarga topshirildi.
[gallery-15609]
Mazkur beg‘araz yordam tarkibida sog‘liqni saqlash va ijtimoiy soha muassasalari va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga tarqatish uchun ozuqaviy sabzavotlar va dukkakli ekinlar aralashmasi mavjud.
–Ushbu dastur ovqatlanish sifatini yaxshilash hamda aholining eng zaif qatlamlari sog‘lom va samarali hayot kechirishi uchun yetarli, xavfsiz va to‘yimli oziq-ovqat bilan ta’minlanishi bo‘yicha davom etayotgan O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikni namoyish etadi, –deydi "Resource and Policy Exchange"(AQSH) nodavlat notijorat tashkiloti direktori Tatyana Soldak.
Farg‘ona viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muassasalar mazkur beg‘araz yordamni qabul qilib oldi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov(surat), O‘zA muxbirlari