Ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar tahlili
Namangan viloyatida 2014-yilda yalpi hududiy mahsulot 10,3 foiz o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 12,5, qishloq xo‘jaligi 8,5, kapital qo‘yilmalar 34,3, qurilish ishlari 11 foiz oshib, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlandi.
Namangan viloyatida 2014-yilda yalpi hududiy mahsulot 10,3 foiz o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 12,5, qishloq xo‘jaligi 8,5, kapital qo‘yilmalar 34,3, qurilish ishlari 11 foiz oshib, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlandi.
Bu haqda viloyat hokimi B.Yusupov boshqargan 2014-yil yakunlari va 2015-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda asosiy e’tibor Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratildi.
Hisobot davrida barcha manbalar hisobidan qariyb 1,6 trillion so‘mdan ortiq investitsiyalar o‘zlashtirilib, 2013-yilga nisbatan 4,3 foizga o‘sishi ta’minlandi. Shu davrda 928,3 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. Hududiy investitsiya dasturi doirasida 18 loyiha bo‘yicha 16,5 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etildi.
Viloyatda 112 million dollarlikdan ziyod mahsulot eksport qilingan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida Chexiya, Braziliya, Finlyandiya, Malayziya, Misr, Daniya kabi mamlakatlarga mahsulotlar eksporti yo‘lga qo‘yildi. Eksport geografiyasi kengaygani samarasida bugun viloyatda tayyorlanayotgan mahsulotlar dunyoning 67 davlatida sotilmoqda. Eksportchi korxonalar safiga 39 yangi korxona qo‘shilib, ularning soni 148 taga yetdi.
Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bilan birga, mavjud quvvatlarni oshirish maqsadida korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash ishlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada 180 korxonada umumiy qiymati 87,6 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshirilib, 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar ham o‘z samarasini berayotir. Viloyatda so‘nggi 5-yilda 10 mingga yaqin yangi kichik biznes subyekti tashkil etilib, ularning umumiy soni 15 mingdan oshgani fikrimizni tasdiqlaydi.
Faollar yig‘ilishida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar ham tahlil etildi va bu borada viloyat hokimining o‘rinbosarlari, shahar, tuman hokimlari, tegishli mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilishda iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, 2015-2016-yillarda davlat mulkini xususiylashtirishga doir yangi dasturlarni ishlab chiqish hamda 2015-yilda aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Namangan viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.