Ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ijrosi va aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar o‘rganildi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulnora Marufova Mirobod tumanida “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida Salor va Farovon mahallalari hududida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ijrosi, aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar hamda mavjud muammolarni o‘rgandi.
Senator Salor mahallasida “mahalla yettiligi” vakillari, aholi va xalq deputatlari Mirobod tumani kengashi deputatlari bilan uchrashib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
5 ming 258 nafar aholi istiqomat qilayotgan Salor mahallasida 380 tadbirkorlik ob’ekti, xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan 780 xonadon va 35 xizmat ko‘rsatish shoxobchasi mavjud. Aholi bandligini ta’minlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratilgan, yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
“Obodonlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida mahallaning Nukus va Amir Temur ko‘chalari kesishmasidagi ko‘p qavatli uylar oralig‘ida mikro bog‘, bolalar maydonchalari va dam olish maskanlari ta’mirlanib, aholi uchun madaniy hordiq chiqarish imkoniyatlari yaxshilanmoqda. Hududni yanada obod va ko‘rkam qilish ishlarida mahalla aholisining faol ishtiroki ham ta’minlangan.
Senator hasharda ishtirok etayotgan aholi vakillari bilan muloqot qilib, ularning taklif va mulohazalarini tingladi. Hududdagi 94 - sonli umumta’lim maktabida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari bilan tanishib, mas’ullar bilan suhbatlashdi.
Farovon mahallasida “mahalla yettiligi”, aholi va deputatlar o‘rtasidagi hamkorlik, xususan, hududni obodonlashtirish, aholi farovonligini oshirish hamda ijtimoiy masalalarni hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
1 ming 638 nafar kishi istiqomat qilayotgan ushbu hududda 198 tadbirkorlik sub’ekti, xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan 48 xonadon va 23 xizmat ko‘rsatish shoxobchasi faoliyat yuritmoqda. Bu esa aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish barobarida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mahallada aholi bandligini ta’minlash, ularni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Senator Afrosiyob ko‘chasidagi 12-uyda yashovchi uy boshi Z.Qudratov hamda shu manzilda faoliyat yuritayotgan konsalting firmasi xodimlari bilan muloqot qildi. Suhbat davomida hudud aholisining kundalik ehtiyojlari, mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga e’tibor qaratildi.
***
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulnora Marufova, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati Sevara Fayziyeva hamda Chilonzor tuman kengashi deputati Oybek Tuganbekov Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Kichik Xirmontepa mahallasida saylovchilar bilan uchrashdi.
Unda Senat yalpi majlisida ma’qullangan qonunlarning mazmun-mohiyati, davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan joylarda olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berildi.
[gallery-30868]
Muloqot davomida fuqarolar tomonidan hududdagi mavjud muammolar va takliflar o‘rtaga tashlandi. Xususan, ayrim avtomobil yuvish shoxobchalari tomonidan piyodalar yo‘laklarining to‘sib qo‘yilishi hamda mahalla hududida motopoygalar o‘tkazilayotgani yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Mazkur masalalarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish va hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
Ishchi guruh a’zolari “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri doirasida mahallada amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Hududda tozalik va ozodalikka rioya etish, obodonlashtirish tadbirlarini yanada jadallashtirish hamda aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, ularga zarur yordam ko‘rsatildi.
Manzilli o‘rganishlar yakunida mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, aholi murojaatlariga yechim topish hamda obodonlashtirish ishlarini tizimli davom ettirish yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA