Ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlash
So‘nggi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiylashuvini ta’minlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar doirasi kengayib, himoyaga muhtoj aholini qamrab olish imkoniyatlari yanada oshirilmoqda. Bu esa jamiyatda ijtimoiy tenglikni mustahkamlash va kambag‘allikni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Ijtimoiy xizmatlarni amalga oshirishda mahalla instituti va mahalladagi ijtimoiy xodimlarning o‘rni beqiyos. Ular mahalladagi aniq holatlarni o‘rganib, oilalarga zarur yordam va ko‘makni o‘z vaqtida, sifatli ko‘rsatishda muhim rol o‘ynaydi.

Masalan, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidan bo‘lgan Shoira Niyozova misolida bu jarayonni aniqroq ko‘rish mumkin. Uning turmush o‘rtog‘i mavsumiy ishchi sifatida faoliyat yuritsa-da, Shoiraning o‘zi ma’lum kasallik sabab jismoniy imkoniyati cheklangan qaynonasini parvarish qilishga ko‘p vaqt va kuch sarflamoqda. Mahalladagi ijtimoiy xodim oilaning holatini batafsil o‘rganib, ularga quyidagi xizmatlarni taqdim etdi.

Shoiraning qaynonasiga “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida shaxsiy yordamchi sifatida biriktirildi. Oilaga moddiy yordam tayinlandi. Ularning uch nafar farzandiga bolalar nafaqasi belgilandi. Ikki nafar farzandi maktabgacha ta’lim muassasasiga imtiyozli ravishda joylashtirildi. Farzandlar uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan kiyim-kechak uchun ariza kiritildi.

Shunday qilib, mahalla va ijtimoiy xizmatlar orasidagi hamkorlik natijasida, himoyaga muhtoj oilalarga zarur yordamlar o‘z vaqtida, tizimli tarzda ko‘rsatilmoqda. Bu tizim esa jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga, insonlarning turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri