Ijodkor yoshlar uchun mahorat darslari
Poytaxtimizdagi “Hunarmandchilik markazi”da tajribali hunarmand Nasiba Sotiboldiyeva ishtirokida yoshlar bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Nasiba Sotiboldiyeva 1964 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. 2015 yildan O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi va 2020 yildan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi. U “Boysun bahori”, Xalqaro hunarmandchilik, Xattotlik kabi mamlakatimiz va xorijda o‘tkaziladigan ko‘rgazma-festivallar doimiy ishtirokchisi.
Tadbir davomida ijodkor tomonidan “Abri bahor mo‘jizalari” nomli mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, “Abri bahor” qog‘ozga badiiy bezak usuli sanalib, u “Bahor bulutlari” ma’nosini beradi. Uning vatani Buxoroi sharif hisoblanadi. Unutilayozgan ushbu usul keyingi yillarda fidoyi ijodkorlar tomonidan qayta tiklanib, boyitilmoqda. Qadimda bu usul kitobnavislikning ajralmas bir bo‘lagi sanalgan. Kitob mazmun-mohiyatini to‘ldirishda “Abri bahor” yo‘nalishidagi tasvirlar qo‘l kelgan.

“Abri bahor”ning ikki xil usuli bor. Ishlash jarayoni bir-biriga o‘xshash. Unda asosan suvda eriydigan bo‘yoqlar ishlatiladi. Har biri alohida idishda eritib tayyorlanadi va har bir rang uchun alohida mo‘yqalam ishlatiladi. Aks holda ranglar tiniqligi buziladi.

Turli qalinlikdagi simlardan tayyorlangan bigiz va taroqlar kerak bo‘ladi. Jarayonda qoramol zardobidan ham foydalaniladi. U bo‘yoqlarning suyuqlik ustiga yoyilishini ta’minlaydi. Pirovardida hayratomuz ranglar uyg‘unligi hosil bo‘ladi. Umuman, “Abri bahor” usuli bilan bir marta shug‘ullangan kishi unga qayta-qayta murojaat qilaveradi. Chunki u insonni zavqlantiradi, ilhomlantiradi.
Uchrashuv ishtirokchilar uchun qiziqarli va mazmunli bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA