Ijodiy to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan “Men ham jurnalist bo‘laman” ijodiy to‘garagining dastlabki mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi rahbari, jurnalist va yozuvchi Dilbar Bekchanova, taniqli shoira, “Shuhrat” medali sohibasi, Urganch innovatsion universiteti dotsenti Sayyora Samandarova, shuningdek, “Ishonch” gazetasining muxbiri Muhabbat To‘raboyevalar ishtirok etishdi.
– Mazkur tashabbus yoshlar orasida jurnalistikaga qiziqishni oshirish, ularning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, to‘garak ishtirokchilariga soha vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatini yaratadi, – deydi uyushmaning viloyat bo‘limi rahbari Dilbar Bekchanova. – Ushbu mashg‘ulotlar yoshlar uchun ijodga ilq qadam bo‘lishi mumkin. Shu sababdan har bir mashg‘ulotda viloyatimizning taniqli jurnalistlarini jalb qilgan holda mahorat darslarini tashkil qilamiz. Shuningdek, to‘garakning keyingi mashg‘ulotlari uchun yosh jurnalistlarga topshiriqlar beramiz.
Notiqlar o‘z kasbiy tajribasi, ijodiy izlanishlari va jurnalistlik faoliyatining mas’uliyatli jihatlari haqida so‘z yuritishdi. Talabalar ular bilan bevosita muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
[gallery-26201]
Ijodiy uchrashuv yoshlar orasida jurnalistikaga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish, ularni soha sir-asrorlari bilan tanishtirish hamda kelajakda o‘z yo‘lini matbuot va media olamidan topadigan iqtidorli avlodni shakllantirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari