IIV mahalla faollari va profilaktika inspektorini rag‘batlantirdi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi Surxondaryo viloyatida bo‘lib, hududlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishning ahvoli, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganib, tegishli taklif va tavsiyalarini bildirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i, polkovnik B.Berdialiyev Denov tumanida bo‘lib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish,kriminogen vaziyat barqarorligini, yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Namozgoh mahallasida bo‘lganida joriy yilning o‘tgan davrida hududda bironta jinoyat sodir etilmagani ma’lum bo‘ldi.


Mahalladagi 325 xonadonda 4 ming 417 kishi ahil-inoq istiqomat qilmoqda. O‘rganish yakunida mahallaning jinoyatdan xoli obod va farovon hududga aylanishiga munosib hissa qo‘shayotgan fuqarolar yig‘ini raisi Zulfiya Mamajonova va xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassisi Feruza Mengniyazova besh million so‘mdan pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi. Profilaktika inspektori Alisher Yusupovga zamonaviy kompyuter jamlanmasi, mahalla yoshlar yetakchisi Sherzod Abdurahmonovga besh yuzta kitob tuhfa qilindi.
O‘rganish chog‘ida tumandagi “Ishga marhamat!” monomarkazida kasb-hunar o‘rganayotgan, xorijiy til kurslarida o‘qiyotgan yoshlarga yaratilgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi. Nemis tilini o‘rganib, Germaniyada ishlash istagini bildirgan 210 nafar yigit-qiz bilan suhbatlashildi.


Viloyatdagi ijtimoiy profilaktika holatini o‘rganish doirasida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i, polkovnik B.Berdialiyev Termiz shahri, Muzrabot, Angor, Oltinsoy, Sho‘rchi kabi tumanlarda ham bo‘lib, mahallalarda jinoyatchilikkka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ishlar bilan tanishdi. Taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri