Ichki turizm: ham sayohat, ham ziyorat
Prezidentimizning ichki turizmni rivojlantirishga oid topshirig‘i ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ichki turizmni rivojlantirish dasturi asosida Xovos tumani hokimligi tashabbusi bilan “Ayollar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bir guruh xotin-qizlar uchun Xorazm viloyatiga sayohat uyushtirildi.

Tumanning Qahramon, Husnobod, Bo‘ston va Binokor mahallalaridan safarga chiqqan ayollar Xiva shahridagi “Ichan-qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi, Juma masjidi, Tosh Hovli saroyi, Pahlavon Mahmud maqbarasi kabi tarixiy yodgorliklar bilan tanishdilar.
– Bu hayotimdagi eng esda qolarli kunlardan biri bo‘ldi. Milliy merosimizga bo‘lgan hurmatim yanada oshdi, – deydi Husnobod mahallasida yashovchi Mahliyo Mamanova. – Xivada ko‘rganlarim menga faxr bag‘ishladi. Momo va bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan hunarmandchilik buyumlari — gilamlar, qo‘lda ishlangan zargarlik buyumlari, naqshinkor mis anjomlar nafaqat go‘zal, balki ular ortida tarix, an’ana va ruh bor. Har bir buyum go‘yo o‘z qissasini so‘zlayotgandek. Xalqimizning bunday boy madaniyati bilan yuzma-yuz kelganimdan juda mamnun bo‘ldim.

Safar ishtirokchilari milliy hunarmandchilik markazlarida ham bo‘lib gilamchilik, kulolchilik, zargarlik, misgarlik, chevarlik va so‘zanado‘zlik kabi amaliy san’at turlari bilan tanishishdi. Bu sayohat nafaqat dam olish, balki tarix va milliy qadriyatlar bilan bevosita tanishish imkonini bergani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, bunday tashabbuslar xotin-qizlarning ruhiy quvvatini tiklash, hayotga nisbatan ijobiy munosabatlarini shakllantirish va jamiyatdagi faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri