Ichki ishlar vazirligi tomonidan Bo‘stonliqda “Bolajonlar sayli” tashkil etildi
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi tashabbusi hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida saraton va oqqon kasalligi bilan davolanayotgan bolalar, shuningdek, xizmat vazifasini bajarish vaqtida fojiali vafot etgan xodimlarning farzandlari uchun “Bolajonlar sayli” tashkil etildi.
Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan tadbirda jami 50 nafarga yaqin bolalar ishtirok etdi. Jumladan, 20 nafar oqqon va saraton kasalligi bilan davolanayotgan bolalar hamda xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning farzandlari uchun mazmunli dam olish va ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi.
Tadbirda IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Saxipjamal Djoldasova, mas’ul rahbarlar, professional bokschi Isroil Madrimov hamda “Sen kuchlisan” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Marjona Nurmuhammedova ishtirok etdi.
Dastur doirasida bolajonlar Bo‘stonliq tumanidagi “Chinorkent” dam olish maskani, “Oqtosh” bolalar oromgohi hamda Toshkent viloyati IIBB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasida bo‘ldi. Ular uchun turli ko‘ngilochar tadbirlar, konsert dasturlari tashkil etildi.
Shuningdek, bolalar uchun maxsus texnikalar ko‘rgazmasi, ko‘rgazmali chiqishlar hamda ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zA