Ichimlik va oqova suvlar sifati doimo nazoratda
Suv – bu obihayot. Darhaqiqat, hayotimizni suvsiz tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Hech bir o‘ylab ko‘rganmisiz, har kuni iste’mol qilayotgan ichimlik suvimiz bizgacha yetib kelgunicha necha martalab tozalanib, tekshirilishini. To‘g‘risini aytganda bunga ko‘pchilik shunday bo‘lishi kerak, odatiy bir hol deb qaraydi.
Vaholanki, har kuni iste’mol qilayotgan suvimiz tozalash sifatini nazorat qilishning 50 ta fizik-kimyoviy, bakteriologik va gidrobiologik ko‘rsatkichlari aniqlangandan keyin yaroqliligi tasdiqlanib suv ta’minoti korxonalari orqali uzatiladi. Bu borada tizimda faoliyat yuritayotgan laboratoriyalarning o‘rni beqiyos.
“Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ korxonasi shahar aholisining 97,6 foizini markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlab keladi. Yaqinda korxonaning kimyoviy va texnologik nazorat laboratoriyasi Oʻz DSt ISO IEC 17025: 2019 “Sinov va kalibrlash laboratoriyalarining malakaliligiga qo‘yiladigan talablar” xalqaro standarti talablariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Shu munosabat bilan “O‘zsuvta’minot” AJda laboratoriyaga ushbu xalqaro standart asosida akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tganligini tasdiqlovchi maxsus sertifikat topshirildi.
Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, Oʻz DSt ISO IEC 17025: 2019 standarti bo‘yicha akkreditatsiya “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ o‘z faoliyatida yuqori sifat standartlariga amal qilayotgani va o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad hamda vazifalarni bajarishga mas’uliyat bilan yondashayotganini isbotlovchi hujjatdir.
“O‘zsuvta’minot” AJ tizimida 79 ta laboratoriya faoliyat yuritmoqda. Ular kunu-tun shahar suv ta’minoti tarmog‘iga ichimlik suvini yetkazib berishdan oldin va suv taqsimlash tarmog‘ining ayrim nuqtalarida tozalash bosqichlariga ko‘ra suv ta’minoti manbasida rejali laboratoriya nazoratini amalga oshiradi. Tahlil natijalari butun mamlakat bo‘ylab ichimlik suv va suv manbalaridagi suvning sanitariya-gigiyenik monitoringini amalga oshirish uchun “WATERLAB” tizimiga kiritiladi.
[gallery-10615]
Masalan, birgina 2022 yilda “O‘zsuvta’minot”AJ ning hududiy suv ta’minoti korxonalari laboratoriyalari tomonidan 202 075 ta namuna olinib, 2 960 698 ta tahlil o‘tkazilgan. Ichimlik suv sifatini xalqaro standartlar asosida nazorat qilish maqsadida hududiy laboratoriyalar barcha zarur asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Jumladan, 2020-2022 yillarda “O‘zsuvta’minot”AJ tomonidan hududiy laboratoriyalarga 442 dona jihoz va 33 ming 152 dona qo‘shimcha uskunalar yetkazib berilgan.
– Laboratoriya akkreditatsiyasi ko‘plab afzalliklarni beradi, – deydi “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati ichimlik va oqova suv sifatini nazorat qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Olga Murashkina. – Akkreditatsiya laboratoriya xodimlarining malakasi hamda natijalar ishonchliligini oshiradi. Bu “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJning kimyo-texnologik nazorat laboratoriyasi iste’molchilar uchun ichimlik va oqova suvlar tarkibi sifatini nazorat qilish sohasida sifatli xizmat ko‘rsatishini kafolatlashidan dalolatdir.
“O‘zsuvta’minot” AJ hududiy suv ta’minoti bo‘linmalari laboratoriyalari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ham izchil ishlar olib borilmoqda. Masalan, o‘tgan yili 500 dan ortiq laboratoriya xodimining malakasi oshirildi. Joriy yilda esa Toshkent kimyo-texnologiya institutida yana 500 nafar hududiy laboratoriya xodimlarining malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Nilufar Bozorova,
Oybek Pardayev (surat) O‘zA