Ichimlik suvidan ekinlarni sug‘orish mumkinmi?
Bugun shahar va aholi punktlarida yashil hududlarni kengaytirish, ko‘chat va daraxtlarni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yozning issiq kunlarida ularni muntazam sug‘orish dolzarb masalalardan biriga aylanadi.
Qishloq joylarida ekinlarni sug‘orish uchun kanal, ariq va lotoklardan foydalanish imkoniyati mavjud. Ammo shaharlarda bunday imkoniyat har doim ham bo‘lavermaydi. Shu bois aholida “Ichimlik suvidan foydalanib, hovlidagi daraxt va ekinlarni sug‘orish mumkinmi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.
“Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ tashabbusi bilan tashkil etilgan press-tur davomida ana shu masalaga ham oydinlik kiritildi.
– Tegishli qaror va farmonlarga muvofiq, hozirgi kunda Qarshi shahri aholisiga sutka davomida ikki marta ichimlik suvi yetkazib beriladi, – deydi “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ rahbari o‘rinbosari Rustam Abdunazarov. — Suv tarmoqqa uzatilmayotgan vaqtda aholi o‘z hovuzi, idishi yoki boshqa sig‘imlarida jamg‘argan suvdan foydalanib, ekin va ko‘chatlarini sug‘orishi mumkin. Biroq suv tarmoqqa uzatilayotgan paytda ekinlarni sug‘orishga yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki bu vaqtda suv bosimining pasayishiga va ayrim hududlarda aholiga suv yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Demak, ichimlik suvidan foydalanishda asosiy talab tarmoqdagi bosimga ta’sir qilmaydigan tarzda ishlatish. Aholi suv yetkazib berilgan paytda uni zaxira qilib, keyinchalik o‘z ehtiyojlari, jumladan, ko‘chat va ekinlarni sug‘orish uchun ishlatishi mumkin.
Press-tur davomida OAV vakillariga 2026-yilning birinchi yarmida Qashqadaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlarini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, kelgusi besh yilda amalga oshiriladigan loyihalar natijasida viloyatda markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 62,4 foizdan 80 foizga, oqova suv xizmatlari qamrovini esa 8,9 foizdan 19,1 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Bu ko‘rsatkichlar nafaqat aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, balki zamonaviy kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish, sanitariya sharoitlarini yaxshilash va aholi turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda jurnalistlarga viloyatda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi loyihalar hamda sohadagi mavjud masalalar yuzasidan ham ma’lumotlar taqdim etildi.
Press-tur yakunida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mas’ullardan tegishli javoblar oldi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari