Ibrohim Rahim - adabiyotga sadoqat va Vatanga muhabbat timsoli
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o‘zbek adabiyotining zabardast namoyandalaridan biri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ibrohim Rahim tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Atoqli adibning hayoti va ijodiy merosini yod etishga bag‘ishlangan tadbirda adabiyot va san’at namoyandalari, olimlar, shoir va yozuvchilar, jurnalistlar hamda adibning yaqinlari ishtirok etdi.
Xotira kechasi davomida Ibrohim Rahimning milliy adabiyotimiz taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, asarlarida tarannum etilgan Vatanga muhabbat, inson qadri, mehnatga sadoqat va fidoyilik g‘oyalari haqida so‘z yuritildi. Adibning serqirra ijodi, hayot haqiqatini badiiy ifodalash mahorati va avlodlar ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni yana bir bor e’tirof etildi.
Tadbirni Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo olib bordi. Ustoz ijodkorning hayot yo‘li va adabiy merosiga bag‘ishlangan chiqishlar, samimiy xotiralar va fikr-mulohazalar davraga o‘ziga xos ma’naviy muhit bag‘ishladi.
Xotira kechasida «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, filologiya fanlari doktori Muxtor Xudoyqulov, «Do‘stlik» ordeni sohibi Tursun Ali, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev, yozuvchi va jurnalist Abdunabi Boyqo‘ziyev, shoira Zuhra Aliyeva, «Sharq yulduzi» jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf, adibning qizi, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor Zuhra Rahimova va boshqalar so‘zga chiqdi.
Notiqlar Ibrohim Rahimning milliy adabiyotimizga halol va vijdonan xizmat qilgan, milliy ma’naviyatimiz, o‘zbek nasri, dramaturgiyasi va kinodramaturgiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, inson xarakterini ochib berishdagi mahorati, zamon qahramonlari obrazini yaratishdagi o‘ziga xos yondashuvi xususida fikr bildirdi. Adibning ijodiy izlanishlari, adabiyotga munosabati va insoniy fazilatlari bilan bog‘liq xotiralar o‘rtoqlashildi.
«Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev o‘z so‘zida adabiyotning bosh vazifasi insonni anglash, hayot haqiqatini chuqur o‘rganish va o‘quvchini fikrlashga undash ekanini ta’kidladi.
– Avvalo, hayotni chuqur o‘rganish, insonni tushunish va davrning muhim masalalariga befarq bo‘lmaslik zarur. Adabiyot faqat chiroyli so‘zlar yig‘indisi emas, u inson qalbiga yo‘l topishi, o‘quvchini fikrlashga undashi kerak. Ibrohim Rahim ijodidagi hayotiylik, mehnatkash insonlarga e’tibor va voqelikni badiiy aks ettirishga intilish yosh qalamkashlar uchun muhim ijodiy saboq bo‘la olishi bilan ahamiyatli, – dedi Ahmadjon Meliboyev.
Darhaqiqat, Ibrohim Rahim asarlarining umrboqiyligi, avvalo, hayotga yaqinligi, inson taqdiriga e’tibori va zamon nafasini badiiy ifodalay olganida namoyon bo‘ladi.
Ibrohim Rahimning ijodiy faoliyati 1938-yildan boshlangan. Adibning ilk yirik asari — chegarachilar hayoti haqida hikoya qiluvchi «Bahodir» dostoni 1939-yilda yaratilgan. Shundan so‘ng u o‘zbek adabiyotida mehnat fidoyiligi, Vatanga sadoqat, inson irodasi va tarixiy davr ruhini aks ettiruvchi asarlari bilan kitobxonlar e’tiborini qozondi.
Yozuvchining «Hayot buloqlari» romani 1953-yilda yozilib, adabiy tanqidchilarning fikr-mulohazalari asosida qayta ishlangan va 1958-yilda «Ixlos» nomi bilan nashr etilgan. «Chin muhabbat», «Fidoyilar», «General Ravshanov», «Tinimsiz shahar», «Taqdir», «Oqibat» kabi romanlari, «Hilola», «Zangori kema kapitani» va «Olovkor» qissalari adibning serqirra ijodiy salohiyatini namoyon etadi.
Ushbu asarlarda insonning ichki kechinmalari, hayot sinovlari, jamiyat oldidagi mas’uliyati va ezgu maqsadlar yo‘lidagi intilishi badiiy ifodasini topgan. Adib qahramonlari orqali kitobxonni hayot haqida mushohada yuritishga, inson qadrini anglash va mehnatni ulug‘lashga chorlaydi.
Ibrohim Rahim nasr bilan bir qatorda dramaturgiya sohasida ham samarali ijod qildi. Uning «Jonim fido» va «Chaqmoq» dramalarida inson jasorati, Vatanga sadoqat va ozodlik uchun kurash mavzulari yorqin aks etgan. «Farhodning jasorati» kinofilmi muallifi sifatida ham milliy san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan.
Adibning adabiyot va san’at sohasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. Unga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» va «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» faxriy unvonlari berilgan. Shuningdek, «Do‘stlik» va «El-yurt hurmati» ordenlari bilan mukofotlangan.
Bunday ma’naviy uchrashuvlar o‘tmish va bugun o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlaydi. Ustoz adiblar qoldirgan adabiy merosni o‘rganish, ularning ijodiy tajribasini yosh avlodga yetkazish va milliy adabiyotimiz tarixiga hurmat ruhini shakllantirishga xizmat qiladi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri