Ibrohim Abdurahmonov 2026-yilgi Jahon qishloq xo‘jaligi mukofoti laureati bo‘ldi
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri, taniqli olim Ibrohim Abdurahmonov “Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar” yo‘nalishi bo‘yicha 2026-yilgi GCHERA Jahon qishloq xo‘jaligi mukofoti (World Agriculture Prize) laureati deb topildi.
Mazkur nufuzli mukofot uning qishloq xo‘jaligi fani, biotexnologiya, innovatsiya, ta’lim va davlat boshqaruvi sohalaridagi faoliyati, shuningdek, agrar mahsuldorlikni oshirish, ilmiy salohiyat va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun berildi.
I.Abdurahmonovning ilmiy faoliyati paxta genomikasi, molekulyar genetika, genetik xaritalash, markerlarga asoslangan seleksiya, bioinformatika va biotexnologiya yo‘nalishlarini qamrab oladi. Uning o‘simliklardagi genetik mexanizmlarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlari paxtaning muhim gen oilalarini aniqlash va tavsiflashga, shuningdek, “Porloq” turkumidagi paxta navlarini yaratishga xizmat qildi. Ushbu navlar ertapisharligi, tola sifatining yaxshilangani va murakkab ekologik sharoitlardagi barqarorligi bilan ahamiyatli ekani qayd etilgan. Olim rahbarligida olib borilgan tadqiqotlar paxta genofondidagi genetik xilma-xillikni chuqurroq o‘rganish imkonini ham berdi. Jumladan, genetik bog‘liqlik va assotsiatsiyaviy xaritalash usullaridan foydalanish orqali tola sifati hamda boshqa iqtisodiy ahamiyatga ega belgilar bilan bog‘liq DNK-markerlar aniqlandi. Bu esa zamonaviy seleksiya jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Ibrohim Abdurahmonov 2012-yilda O‘zbekiston Genomika va bioinformatika markaziga asos solgan. Markaz genomika, molekulyar seleksiya, bioinformatika va biotexnologiya sohalarida mintaqadagi yetakchi ilmiy muassasalardan biriga aylandi. Uning faoliyati doirasida xalqaro universitetlar va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, paxta, bug‘doy, kartoshka, bog‘dorchilik ekinlari va boshqa muhim agrar yo‘nalishlarda tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, olim yosh tadqiqotchilarni tayyorlash, genomika, proteomika, bioinformatika va biotexnologiya sohalarida ilmiy kadrlar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratdi. Ta’lim, ilmiy rahbarlik va xalqaro hamkorlik orqali Markaziy Osiyodagi talabalar va tadqiqotchilarning zamonaviy laboratoriyalar, ilg‘or seleksiya texnologiyalari hamda xalqaro ilmiy tarmoqlardan foydalanish imkoniyatlari kengaydi.
Ma’lumot o‘rnida: 2013-yilda ta’sis etilgan Qishloq xo‘jaligi va tabiat fanlari bo‘yicha oliy ta’lim assotsiatsiyalari global konfederatsiyasi (GCHERA) ning Jahon qishloq xo‘jaligi mukofoti xalqaro miqyosda qishloq xo‘jaligi va inson farovonligiga ilmiy kashfiyotlar, yetakchilik, innovatsiya hamda amaliy faoliyat orqali salmoqli va uzoq muddatli hissa qo‘shgan shaxslarga beriladi. Laureatlarni taqdirlash marosimi joriy yil 28-oktabr kuni Nankin qishloq xo‘jaligi universitetida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
O‘.Alimov, O‘zA