“Ibratli sudya”: e’tirof etilganlar orasida xorazmlik sudya ham bor
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan qator o‘zgarishlar joriy etilib, odil sudlovni amalga oshirishda yuqori reyting ko‘rsatkichga ega bo‘lgan sudyalarni “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlash belgilangan edi.
Mazkur farmon ijrosi doirasida sudyalar faoliyati samaradorligini ochiq va shaffof baholash bo‘yicha milliy elektron reyting baholash dasturi ishga tushirildi. Sudyalar faoliyatini ochiq, shaffof va eng muhimi – xolis baholash imkoniyatini bergan ushbu tizimdagi 2022 yil yakunlari bo‘yicha eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga ega 20 nafar sudya “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlandi.
Mukofotlanganlar orasida Xorazm viloyat sudidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudi raisi Doniyorbek Eshchanov ham bor.
Sudyalar oliy kengashi va viloyat sudlari bilan videokonfrensaloqa tizimida o‘tkazilgan tadbirda Doniyorbek Eshchanovga viloyat sudi raisi Bahodir Polvanov tomonidan mukofot tantanali ravishda topshirildi.

Ma’lumot o‘rnida, Doniyorbek Eshchanov sudyalik faoliyatini 2017 yilda Buxoro viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudi sudyasi lavozimidan boshlagan va hozirgi kunda Xorazm viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudi raisi lavozimida ishlamoqda. 2022 yildagi faoliyati davomida sud majlisida 1773 ta fuqarolik ishini ko‘rib chiqqan va birorta ishi yuqori instansiyalarda bekor bo‘lmagan.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA