Ibratli oilalar — farovon hayot asosi
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi Ma’naviyat va ma’rifat markazida yuksak ma’naviyatni, oilada sog‘lom turmish tarzini, mustahkam oila qadriyatlari va ibratli hayot tarzini targ‘ib etishga qaratilgan – “Men ibratli harbiy oila bekasiman” shiori ostida “Ibratli harbiy oila” ko‘rik-tanlovining okrug bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur tanlov nafaqat oddiy bellashuv, balki harbiy oilalar hayotidagi mehr, sadoqat, matonat va fidoyilikni ulug‘lovchi ma’naviy maydon sifatida namoyon bo‘ldi. Unda ishtirok etgan oilalar o‘zlarining nafaqat uy bekasi sifatidagi mahoratini, balki milliy an’analarga bo‘lgan chuqur hurmati, farzand tarbiyasidagi ibratli yondashuvlari hamda oilaviy totuvlikni aks ettiruvchi chiqishlari bilan ajralib turdi.
Ko‘rik-tanlov beshta shart asosida harbiy oilalarning milliy urf-odatlar va qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan chiqishlari tomoshabinlarga bayramona kayfiyat ulashdi. Har bir oila sahnada o‘ziga xos yondashuv va yuksak mas’uliyat bilan o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, sabr-toqat va sadoqat kabi ezgu fazilatlar yorqin ifodasini namoyon etdi.
Ishtirokchilarning chiqishlari tajribali va xolis hakamlar hay’ati tomonidan adolatli baholab borildi. Natijalarga ko‘ra, eng faol, tashabbuskor va namunali oila tanlovning keyingi bosqichi uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ushbu ko‘rik-tanlov harbiy oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ibratli oilalarni keng jamoatchilikka namuna sifatida targ‘ib etishda muhim o‘rin tutdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.