“Ibratli oila” tanlovi
Shirin shahrida oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, milliy an’ana va urf-odatlarni keng targ‘ib etish maqsadida harbiy qism harbiylari oila a’zolari o‘rtasida “Ibratli oila” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shirin shahar bo‘linmasi, shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda shahardagi harbiy qism hamkorligida o‘tkazildi. Tanlovda namunali oilalar ishtirok etib, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, farzand tarbiyasi hamda milliy qadriyatlarga sodiqlik borasidagi ibratli tajribalarini namoyon etdilar.

Ishtirokchilar turli shartlar asosida o‘z bilim, tajriba va ijodiy yondashuvlarini taqdim etib, oilaviy madaniyat, ma’naviy barkamollik hamda hamjihatlik kabi mezonlar bo‘yicha baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Ibrohimovlar oilasi birinchi o‘ringa, Sharipovlar oilasi ikkinchi o‘ringa, Turopovlar oilasi esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Oila — jamiyatning eng muhim va muqaddas tayanchi hisoblanadi. Bugun o‘tkazilgan “Ibratli oila” ko‘rik-tanlovi aynan ana shu qadriyatni yanada mustahkamlash, oilalar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik va ma’naviy barkamollikni targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ayniqsa, tadbirda harbiy qismda xizmat qilayotgan xodimlar oilalarining faol ishtiroki alohida e’tiborga molik. Ular o‘z hayoti orqali sabr-toqat, mas’uliyat, vatanparvarlik va oilaga sadoqat kabi yuksak fazilatlarni namoyon etdilar. Bu esa boshqa ishtirokchilar uchun ham ibrat maktabi bo‘ldi, – deydi tadbir hakamlaridan biri – Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shirin shahar bo‘linmasi boshlig‘i Xurshida Turdiyeva.

Eng muhimi, tanlov jarayonida oilalarning o‘zaro munosabati, farzand tarbiyasiga bo‘lgan yondashuvi, milliy qadriyatlarga sadoqati chuqur tahlil qilindi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday tadbirlar yosh avlodni sog‘lom ma’naviy muhitda tarbiyalash, oila institutini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri