“Ibratli oila” — jamiyat tayanchi va kelajak poydevori
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Oilamiz – kelajagimiz” oyligi doirasida Buxoro viloyatida ham “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Buxoro viloyatida 615 ming 418 ta oila tinch-totuv, mehr-oqibat va o‘zaro hurmat asosida hayot kechirmoqda. Quvonarlisi, viloyatda ibratli va namunaviy oilalar soni yil sayin ortib bormoqda. Xususan, 2024-yilda viloyatdan 13 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 137 taga yetdi. Joriy yilda esa yana 109 ta xonadon sohiblari o‘zlarining mustahkam oilaviy qadriyatlari, farzand tarbiyasidagi ibratli faoliyati va jamiyatdagi namunaviy hayot tarzi uchun ushbu nishonga sazovor bo‘lishdi.
Taqdirlanganlar orasida Buxoro shahridan Akram Mirov, Kogon shahridan O‘lmas Hotamov, Vobkent tumanidan Shomurod Rajabov, Jondor tumanidan Murod Yaxshiyev, Shofirkon tumanidan Mizrob Salomov, Olot tumanidan Shuhrat Bozorov, Romitan tumanidan Hikmatillo Sharipov, Qorovulbozor tumanidan Rahmatillo Yahyoyev, G‘ijduvon tumanidan Sobir Azizov, Peshko‘ tumanidan Shuhrat Fayzullayev, Kogon tumanidan Kamol Po‘latov kabi yurtga namuna bo‘layotgan fidoyi insonlar borligi barchada faxr va iftixor tuyg‘usini uyg‘otdi. Ularga ko‘krak nishoni va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
[gallery-29493]
So‘z olgan ibratli oilalar vakillari davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun samimiy minnatdorlik bildirib, oila institutini mustahkamlash jamiyat taraqqiyoti, yoshlar tarbiyasi va millat kelajagining eng muhim omili ekanini ta’kidlashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari