"Ibrat yo‘li" loyihasi amalda
Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh xotin-qizlar ishtirokida "Ibrat yo‘li" loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha doirasidagi navbatdagi uchrashuv Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabida bo‘lib o‘tdi. Unda faol xotin-qizlar tomonidan yurtimizda ularni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan imkoniyatlar, o‘qish, ishlash, o‘z iqtidorini to‘liq namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratilgani, faqatgina bilim va intellektual salohiyatni namoyon etish kerakligi ta’kidlandi.

– Bir necha yillar oldin men ham sizlar kabi shunday uchrashuvda oddiy ishtirokchi sifatida qatnashgan edim, – dedi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Hilola Obidova. – O‘shanda men ham albatta Zulfiyaxonimga munosib izdosh bo‘lishni maqsad qildim. Intildim, tinmay harakat qildim va o‘z maqsadimga erishdim. Siz ham o‘z oldingizga katta maqsadlar, ulkan rejalar qo‘ying va o‘qib-izlanishdan, bilim olishdan to‘xtamang.

Tadbirda "Shuhrat" medali sohibasi Dilorom Ismadiyorova ijod maktabiga o‘zining yangi kitoblarini sovg‘a qildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
Sh.Suyarov,O‘zA