IBM bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHga xizmat safari doirasida IBM kompaniyasining Global venchur kapital bo‘limi rahbari va vitse-prezidenti Emili Fonteyn bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va mahalliy hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar axborot texnologiyalari sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion yechimlarni joriy etish borasida ham fikr almashdi.
Shuningdek, mamlakatimizning turli hududlarida barpo etilayotgan zamonaviy “yashil” data-markazlardan samarali foydalanish masalasi ilgari surildi. Bu kabi markazlar energiya tejamkorligi, ekologik xavfsizlik va yuqori texnologik imkoniyatlari bilan ajralib turadi.
Uchrashuv yakunida kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, raqamli infratuzilmani mustahkamlash hamda O‘zbekistonni mintaqadagi IT va innovatsiyalar markaziga aylantirish yo‘lida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhim ekani ta’kidlandi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA