Husaynxon Niyoziy — xalq professori (+video)
"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi sonida O‘zbek tilidagi birinchi “Hikmat” (fizika) va kimyo darsligi nashri muallifi, xalq professori, ma’rifatparvar jadidlardan biri — Husaynxon Niyoziy haqida ma’lumot beriladi.
Husaynxon Niyoziy 1895-yilda Andijonda tug‘ilgan. Oilasi o‘qimishli bo‘lgan. Bobosi Muhammadxon Niyoz o‘g‘li, otasi Matmusa (Muhammad Musa) asli Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidan bo‘lgan. Onasi Hanifa otin ziyoli ayollardan edi. Uning Hasanxon va Salimxon ismli aka ukalari bo‘lgan.
Dastlab 1905-yildan maktab ta’limi va Andijondagi madrasada 1915-yilgacha tahsil olgan. Arab va fors tillarini yaxshi o‘rganishida ana shu madrasaning o‘rni katta bo‘lgan. 1912-yilda jadidchilik harakatidan boxabar bo‘lib, xorij mamlakatlaridan kelib turgan tatar va usmonlicha gazeta, jurnallar bilan tanisha boshlaydi. Faoliyatini Andijonda 1917–1923-yillarda muallimlik qilish bilan olib borgan. U 1923-yilda oilasi bilan Toshkentga ko‘chib kelib pedagogik faoliyatini davom ettirgan. 1919–1938-yillar davomidagi 20 yillik faoliyatini muallimlikka bag‘ishlagan. U Narimonov nomidagi texnikum, pedagogika instituti va bir qancha ta’lim muassasalarida fizika fanidan dars bergan. Turkiston Davlat Universiteti qoshidagi fizika laboratoriyasini boshqargan. Fizika fani sohasidagi erishgan yutuqlari bilan o‘z davrining yetuk muallimiga aylangan. 1934-yilda Andijonga qaytib ishchi fakultetida muallimlik qilgan.
1922-yilda O‘zbek tilidagi birinchi “Hikmat” (fizika) va kimyo darsligini nashr ettirgan.
1916-yilda oila qurib Ma’rifatxon ismli qizga uylanadi. Kozimxon va Hikmatxon ismli farzandlari bo‘lgan.
Husaynxon Niyoziy fevral voqealari arafasida samolyotning kichik maketini yaratib uni uchirgani uchun g‘ayriqonuniy harakat va din-shariatga shak keltirishda ayblanib qamoqqa olingan. Keyinchalik qo‘yib yuborilgan. U 1937-yilda “Milliy ittihod” tashkiloti Andijon bo‘limining rahbari sifatida qamoqqa olingan va 10 yilga Mehnat jamloqiga hukm qilinib Magadandagi jamloqqa surgun qilingan.
Batafsil
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pKiDvwhYSng" title="Husaynxon Niyoziy — xalq professori " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA