Huquqshunoslar “Zakovat”da bellashdi
Yurtimizda barcha korxona va tashkilot xodimlarini har tomonlama bilimli, yetuk kadr bo‘lib shakllanishiga e’tibor qaratilayotgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Bu borada Namangan viloyati adliya boshqarmasi tomonidan ham tizim xodimlarining iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bayramining 30 yilligi oldidan turli sport musobaqalari, kitobxonlik, zakovat o‘yinlari hamda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.

Jumladan, viloyat adliya idoralari xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi. Unda viloyat adliya boshqarmasi, davlat xizmatlari markazlari, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, adliya bo‘limlari, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari va Namangan yuridik texnikumi xodimlaridan iborat oltita jamoa g‘oliblik uchun bellashdi.

“Zakovat” intellektual o‘yini davomida xodimlarning huquq, geografiya, tarix va boshqa sohalardagi bilim va ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi. Murosasiz kechgan bilimlar bellashuvida Namangan yuridik texnikumi jamoasi g‘olib deb topildi. Ikkinchi o‘rinni viloyat adliya boshqarmasi jamoasi qo‘lga kiritdi. Faxrli uchinchi o‘rinni shahar, tuman adliya bo‘limlari xodimlaridan saralangan “Adliya bo‘limlari” jamoasi egalladi.
Aqliy tafakkurga boy tanlov yakunida, g‘olib va sovrindor jamoalar, bilimdon xodimlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.