“Huquqiy yordam avtobusi”
Qashqadaryo viloyatida xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan “Huquqiy yordam avtobusi” tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi tomonidan tasdiqlangan dasturga muvofiq, Ombudsman tashabbusi bilan “#TenglikvaHurmat” heshtegi ostida tashkil etilmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘limida bo‘lib o‘tgan tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, viloyat adliya boshqarmasi vakillari, mutaxassislar hamda fuqarolar ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga hadya shartnomasi, vasiyatnoma, nikoh shartnomasi, oilaviy munosabatlar, shuningdek, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik normalari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shuningdek, zo‘ravonlik holatlariga duch kelgan shaxslarga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlari haqida ma’lumot taqdim etildi.

Markazda ayollarni kasbga o‘qitish bo‘yicha tashkil etilgan qisqa muddatli kurslar, ularni ish bilan ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ham ma’lumotlar berildi. Ayni paytda ushbu muassasada 11 nafar ayol va ularning 15 nafar farzandlari yashab kelmoqda.
Tadbir doirasida sayyor qabul tashkil etilib, fuqarolarning murojaatlari tinglandi va ularga joyida huquqiy hamda psixologik tushuntirishlar berildi.

Ta’kidlanishicha, bunday tadbirlar aholining huquqiy savodxonligini oshirish, xotin-qizlar va bolalarni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yakunda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi homiyligida tashkil etilgan sovg‘alar topshirildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri