Huquqiy xizmatlar soni oshgan
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Urganch shahar adliya bo‘limida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari Urganch shahar davlat xizmatlari markazida tezkor, qulay va shaffof davlat xizmatlari ko‘rsatish, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirildi. Xususan, adliya binosiga kirishda pandus yo‘lakchasi, mas’ul xodimni chaqirish tugmachasi, bino ichkarisida ko‘zi ojiz shaxslar harakatlanishi uchun yo‘lakchalar mavjud.
Tadbirning ikkinchi qismida “Ochiq adliya” dasturi doirasida keng jamoatchilikka viloyat adliya boshqarmasi va uning tizimidagi idoralar tomonidan o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
O‘tgan 2024 yil davomida 157 ta qaror loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, ularning 98 tasiga rasmiy rozilik berilgan. Besh yuz sakson beshta o‘rganish natijasida 81 mingdan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Shuningdek, 11 ming 789 ta murojaatning 9 ming 271 tasi qanoatlantirilgan. Bu ko‘rsatkich oldingi hisobot davriga nisbatan 23 foizga oshgan.
Tadbir davomida viloyatda aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot tadbirlari oldingi yilga nisbatan 32 foizga oshganligi e’tirof etildi.
Jumladan, bugungi kunda Adliya organlari tomonidan o‘tkazilib kelinayotgan “Huquqiy mahalla”, “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi”, “Xotin-qizlarga huquqiy ko‘mak” huquqiy aksiya va loyihalari yuzasidan ham batafsil ma’lumotlar berildi.
[gallery-22554]
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan bir yilda 766 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Bu esa xizmatlar soni 10 foizga oshganligini ko‘rsatadi.
Tadbir so‘nggida shtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari