“Huquqiy mahalla” loyihasi davom etmoqda
Aholining huquqiy muammolarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida mamlakatimizda “Huquqiy mahalla” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi Mustaqillik mahallasida ham “Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, tuman adliya bo‘limi tashabbusi bilan tegishli tashkilotlar hamkorligida 10-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” tashkil etildi.

Unda 40 ta tashkilot o‘zida mavjud 125 ta ish o‘rni bilan qatnashdi. Yarmarkada 18 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Eng muhimi, ularning 15 nafari “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan yoshlardir.
Ayni paytda mahallada 1488 ta xonadonda 5 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.

– Loyiha doirasida “mahalla yettiligi” hamkorligida fuqarolarning huquqiy muammolari o‘rganilib, bir qator masalalarga yechim topilmoqda, – deydi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek To‘rayev. – Jumladan, fuqarolarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, ularning huquqlariga oid muhim normalar xususida huquqiy tushuntirishlar berilib, aholini qiynayotgan asosiy masalalar – kadastr va shaxsga doir hujjatlarni rasmiylashtirish, meros, bandlik, subsidiya olish, ta’lim krediti, uy-joy ta’miri, moddiy yordam hamda oilaviy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilmoqda.

Shuningdek, mahallada sayyor qabul ham o‘tkazildi. Unda 30 nafardan ortiq fuqaroning murojaati tinglanib, 10 ga yaqin muammo joyida hal etildi. Qolgan murojaat egalariga qonun doirasida huquqiy tushunchalar berildi.
Mahallada loyiha doirasida amaliy ishlar davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri