Huquqiy eksperiment o‘tkazilganda jamoatchilik fikri inobatga olinadi
Yangi tartib-taomillarni hayotga joriy etishdan oldin ularni huquqiy eksperiment tarzida qo‘llash amaliyoti kengayib bormoqda.
2026-yil 27-martdagi “Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi qonun bu borada qanday imkoniyatlar yaratadi?
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov shu savolga javob berdi:
– “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 34-moddasida “huquqiy eksperiment” tushunchasi, uni o‘tkazish va natijalarini rasmiylashtirish belgilangan.
Ta’kidlash lozimki, huquqiy eksperiment instituti mazkur qonunda qayd etilgan bo‘lsa-da, uni o‘tkazish bilan bog‘liq ijtimoiy-huquqiy munosabatlar kompleks tarzda tartibga solinmagan.
Ushbu yo‘nalishda mavjud bo‘lgan kamchiliklar turli sohalardagi ijtimoiy munosabatlarni tarqoq holda tartibga solishdek salbiy amaliyot shakllanishiga olib kelgan. Bu esa huquqiy kolliziyalar, huquqni qo‘llashda turlicha talqin qilish va murakkabliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.
Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunga qadar eksperiment tartibida qabul qilingan hujjatlarning barchasida ularning samaradorligini baholash mezonlari, ko‘rsatkichlari va prognozlari, shuningdek ko‘plab huquqiy eksperimentlarda ularni yakunlash muddatlari nazarda tutilmagan.
Mana shu kamchiliklarga barham berish, qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida sohaga oid qonun qabul qilindi.
Qonun muayyan sohada eksperimental-huquqiy normalarni joriy etish, samaradorligini tahlil qilish hamda ularning natijasida yuzaga kelgan yoki kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy oqibatlarni o‘rganish va baholash orqali samarali huquqiy normalarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan.
Qonun 5 bob va 37 moddadan iborat bo‘lib, unda asosiy tushunchalar, ya’ni vakolatli organ, mas’ul organ, eksperimental-huquqiy norma, huquqiy eksperiment, huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat mazmuni ochib berildi.
Asosiy prinsiplar – qonuniylik, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ustuvorligi, jamoat xavfsizligini, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvorligi, ochiqlik va oshkoralik, asoslanganlik, dolzarblik kabilar belgilandi.
Huquqiy eksperimentning maqsadi – eksperimental-huquqiy normalarni muayyan sohaga joriy etishdan, ushbu normalarning samaradorligini tahlil qilishdan hamda ularning natijasida yuzaga kelgan yoki kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy oqibatlarni o‘rganish va baholash orqali samarali huquqiy normalarni amaliyotga joriy etishdan iborat.
Huquqiy eksperimentni tartibga solish bilan bir qatorda qonunda fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy eksperimentda ishtirok etishi belgilandi.
Huquqiy eksperiment O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Prezident farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan o‘tkaziladi.
Huquqiy eksperimentni tashkil etish, o‘tkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish qoidalari mustahkamlandi.
Huquqiy eksperimentning natijalarini joriy etish huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki tegishli eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt bo‘yicha, muayyan hududda yoki shaxslar doirasi bo‘yicha cheklanmagan holda qabul qilish to‘g‘risida ijobiy xulosaga kelinganda amalga oshiriladi.
Huquqiy eksperiment yakunlarini rasmiylashtirish tartib-taomillari belgilandi. Huquqiy eksperiment natijalari huquqiy eksperimentning yagona reyestrida, ommaviy axborot vositalarida, Internet jahon axborot tarmog‘ida, shu jumladan, mas’ul organning rasmiy nashrlari va veb-saytlarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinishi kerak.
Qonun huquqiy eksperimentni tashkil etish va o‘tkazish, eksperimental huquqiy normalarni joriy etish bo‘yicha yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlashga mustahkam huquqiy asos yaratdi. Bu jarayonda jamoatchilik fikri inobatga olinishi bu institutning xalqchilligini, ochiqligini ta’minlab, jamiyat rivoji, aholi farovonligiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun e’lon qilinganidan keyin oradan uch oy o‘tgach, ya’ni 2026-yil 29-iyunda kuchga kiradi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA