Huquqini bilgan hech qachon adashmaydi
Davlatimiz rahbarining bu fikrlari aholining huquqiy ongini oshirish qanchalik dolzarb ahamiyatga ega ekanini anglatadi.
“Biz qanchalik mukammal qonunlarni yaratmaylik, qanday islohotlar oʻtkazmaylik, agar fuqarolarimizning huquqiy bilimi, onggi va madaniyati yetarli boʻlmasa, kutilgan natijalarga erishish mushkul boʻladi”.
Davlatimiz rahbarining bu fikrlari aholining huquqiy ongini oshirish qanchalik dolzarb ahamiyatga ega ekanini anglatadi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi aholining huquqiy madaniyatini shakllantirish, ongini oshirish maqsadida qator ishlarni amalga oshirmoqda.
Shu maqsadda Oliy sud bilan hamkorlikda “Oila – muqaddas dargoh”, “Vorislik huquqi qonun himoyasida”, “Mehnat huquqi qonun himoyasida” hamda “Yerga nisbatan huquqning vujudga kelishi va bekor boʻlishi” deb nomlangan kitoblar nashr etildi.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumani Huvaydo mahalla fuqarorlar yigʻinida boʻlib oʻtgan tadbirda ana shu kitoblarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida soʻz bordi.
Tadbirda “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqaruvi hamda Toshkent shahar boʻlimi masʼul xodimlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, mahallalar faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Oliy sud bilan hamkorlikda chop etilgan kitoblar, eng avvalo, xalqimizning huquqiy ongini yuksaltirish, oilaviy qadriyatlarni asrash, ota-onaga hurmat tuygʻusini yana-da yuksaltirishga xizmat qiladi.
“Yerga nisbatan huquqning vujudga kelishi va bekor boʻlishi” amaliy qoʻllanmasi bugungi kunda juda dolzarb boʻlib, “snos”larga oid qonunchilikni yana-da mukammal tushunishga yordam beradi. Chunki kitobda yer uchastkalarini berish va realizatsiya qilish, koʻchmas mulk obyektlari buzilishi munosabati bilan mulkdorlarga kompensatsiya berish tartibi va turlari haqida batafsil maʼlumot berilgan.
Tadbirda arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan koʻchmas mulklar oʻzimboshimchalik bilan qurilgan imoratlar hisoblanishi yana bir karra taʼkidlab oʻtildi. Bunday imoratlarni tiklagan shaxslar inshootga mulk huquqini ololmasligi va bino oʻzboshimchalik bilan qurilish qilgan shaxsning hisobidan buzilishi eslatib oʻtildi.
“Vorislik huquqi qonun himoyasida” kitobi ham tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Kitobda meros bilan bogʻliq nizolarni hal etishga urgʻu berilgan. Jumladan, meros ishi qachon va qay tartibda ochilishi, merosning taqsimlanishi, meros olish huquqidan chetlatilishi mumkin boʻlgan shaxslar, merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega boʻlgan shaxslar toifasi haqida batafsil maʼlumot berilgan. Shuningdek, kitobda vasiyatnoma tuzish boʻyicha huquqiy tavsiyalar ham oʻrin olgan.
“Oila – muqaddas dargoh” kitobida qadriyatlar beshigi boʻlmish oilaning batakror tarbiya qoʻrgʻoni ekaniga urgʻu berilgan.
Risolada nikoh tushunchasi, nikoh shartnomasida kelin va kuyovning burch va majburiyatlari, bolalarning mulkiy huquqlari, voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun aliment undirish hamda mehnatga layoqatli farzandlarning ota-onasiga taʼminot berish majburiyatlari haqida batafsil soʻz yuritilgan.
“Mehnat huquqi qonun himoyasida” kitobida mehnatga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlar sodda tilda tushuntirilgan. Xususan, “Mehnat shartnomasi” tushunchasiga qisqa va sodda izohlarni oʻqiysiz.
Tadbir yakunida yangi nashr etilgan kitoblar poytaxt mahallalalari vakillariga tarqatildi.