Huquqbuzarliklar kamaymoqda
Jizzaxda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Jizzaxda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Prezidentimizning 2017 yil 14 martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashda joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish vazifalari sohalar bo‘yicha tahliliy-tanqidiy muhokama qilindi.
Viloyatda o‘tgan to‘qqiz oyda jinoyatlar soni 309 taga yoki 23 foiz kamaygan. Shu jumladan, ayollar o‘rtasida 17 foiz, voyaga yetmaganlar tomonidan 16 foiz, ishlamaydiganlar tomonidan 22 foiz, ilgari sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 53 foiz kamayishiga erishilgan.
Biroq jinoyatlarning umumiy soni kamaygan bo‘lsa-da, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilayotir, deb bo‘lmaydi. Yig‘ilishda shahar-tumanlar hududlarida jamoatchilik maskanlari to‘liq tashkil etilmagani, jinoyatlarning oldini olish yuzasidan mahallalarda yetarli darajada targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmayotgani, videokuzatuv kameralari tegishli joylarga o‘rnatilmay kelinayotgani, ishsiz yurgan fuqarolarning alohida ro‘yxatlari shakllantirilib, ularning bandligini ta’minlash, “Fidokor yoshlar” patrul xizmatlari faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan sustkashliklar tanqid qilindi.
Muhokamalar davomida kollej o‘quvchilari, yoshlar o‘rtasida, ishsizlar, ilgari sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, yashash joylarida, oila-turmush munosabatlari doirasidagi va qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishda amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha o‘rta maxsus ta’lim, bandlik boshqarmalari, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa tegishli tashkilot va idoralar mas’ullarining axborotlari, taklif va tavsiyalari eshitildi.
– Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishining har chorakda o‘tkazilib kelinayotgani yaxshi samara berayotir, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Avazov. – Yig‘ilishlarda har bir sohada huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ushbu soha rahbarlari ishtirokida tahliliy muhokama etilib, nuqsonlarning yuzaga kelish sabablari aniqlanmoqda. Navbatdagi yig‘ilishda ham kamchiliklarning ildizlarini aniqlashga asosiy e’tibor qaratildi. Nuqsonning ildizi aniqlangach, uni bartaraf etish oson kechadi.
Yig‘ilishda mavjud muammolarni bartaraf etish borasida taklif va tavsiyalar qabul qilindi.