Hunarmandchiligimizning xalqaro e’tirofi
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Butunjahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasining (WCC-APR) 38-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Rozi Grinlits, Butunjahon hunarmandlari kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi prezidenti Gada Hijjavi-Qaddumi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov hamda 30 dan ortiq davlatlardan WCC-APR (OTOM BHK) a’zolar ishtirok etdi.
Bosh assambleyada Butunjahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi prezidentligini 2021-2024 yillar davri mobaynida O‘zbekistonga o‘tkazilishini tasdiqlash, Hay’at majlislarini o‘tkazish hamda xalqaro simpoziumlar va ko‘rgazmalar tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, Savdo-sanoat palatasi tomonidan Butunjahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC-APR) 38-Bosh assambleyasini jonli efirda taqdim etish bo‘yicha ulkan texnik ishlar amalga oshirildi.
Butunjahon hunarmandlar kengashi 1964 yil 12 iyunda O.Uebb xonim, Margaret M.Patch xonim va Kamaladevi Chattopadhyay xonim tomonidan Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida bo‘lib o‘tgan xalqaro yig‘ilishda madaniy hayotning muhim qismi bo‘lgan hunarmandchilik maqomini saqlab qolish, mustahkamlash va taraqqiyotini ta’minlash hamda butun dunyo hunarmandlari orasida mazkur sohaning umuminsoniy qadriyatlari va do‘stona tuyg‘ularini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan.
Kengash bugungi kunda butun dunyodagi hunarmandlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydigan yagona tashkilot bo‘lib, u meros qilib olingan an’analarni saqlab qolish yoki tajriba va innovatsiyalar orqali chegaralarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kengashning asosiy maqsadi madaniy va iqtisodiy hayotda hunarmandchilikning mavqeini mustahkamlashdir. Mazkur Kengash hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash va yordam berish orqali hamkorlikni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan.
Uchrashuvni Roza Grinlits, Gada Hijjavi-Qaddumi xonim hamda Kuvayt Milliy assambleyasi prezidenti Marzuk Al G‘ani tabrik so‘zlari bilan ochdi. Ular o‘z nutqlarida Hunarmandchilik Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari madaniyati va sanoatida muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi. Ma’ruzachilar O‘zbekistonda madaniyat va san’atni rivojlantirish, xususan hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash, uning jamiyatdagi rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.
– O‘zbekistonda keyingi yillarda hunarmandchilikka davlat darajasida alohida e’tibor qaratilayotgani barchamizni quvontiradi. Shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur sohani, xususan hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularning oldida turgan muammolarga yechim topish borasida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlari har qancha tahsinga sazovordir, – dedi Qaddumi xonim.
[gallery-281]
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari ko‘magi va tashabbuslari bilan yurtimizdagi qadimiy va boy tarix, noyob qadriyat va urf-odatlar, an’analarni o‘zida mujassam etgan holda xalq ijodiyotini rivojlantirish bo‘yicha aniq va tizimli ishlar olib borildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasi o‘laroq, bugungi kunda Hunarmand uyushmasi a’zolari soni 36 ming 440 kishiga yetdi. Bu avvalgi yil bilan solishtirganda 14 foizga ko‘p deganidir. Shubhasiz, bu yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hissa qo‘shadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi farmoniga muvofiq hunarmandchilikni rivojlantirish dasturiga 50 million dollar miqdorida kredit ajratilgan bo‘lsa, 2020 yil aprel oyiga kelib qo‘shimcha yana 50 million dollar ajratildi. Yana bir misol sifatida, hunarmandlar tomonidan yaratilgan yangi ish o‘rinlari o‘tgan yilga nisbatan sezilarli ravishda oshganini aytib o‘tish lozim.
Qolaversa, mamlakatimizda hunarmandchilikka qaratilayotgan alohida e’tibor natijasi o‘laroq, 2019 yilda YUNESKO homiyligida Xalqaro hunarmandlar festivalining Qo‘qon shahrida o‘tkazilishi mamlakatimiz madaniy hayotidagi eng muhim voqealardan bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ushbu festivalga 78 dan ortiq mamlakatdan 570 hunarmand, shu jumladan, o‘zlarining ilmiy ishlari va hunarmandchilik sohasidagi amaliy faoliyati bilan tanilgan xorijlik olim va mutaxassislar, shuningdek, 2200 dan ortiq mahalliy xalq amaliy san’at ustalari ishtirok etganining o‘zi ham mazkur xalqaro festivalning nufuzi qay darajada yuqori bo‘lganini aytib turibdi.
Bundan tashqari, Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan Qo‘qon shahriga yog‘och o‘ymakorligi faoliyati doirasida “Jahon hunarmandlari shahri” maqomining berilishi o‘zbek xalq ijodiyotining xalqaro miqyosda tutgan o‘rni va nufuzi qay daraja yuqoriligini ko‘rsatadi va bu bizga shubhasiz, yuksak g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Konferensiyada hunarmandchilikni rivojlantirish dasturini tasdiqlash masalalari muhokama qilindi. Tashkilotning 2019-2020 yillardagi faoliyati to‘g‘risida hisobotlar tinglandi.
Onlayn formatda o‘tkazilgan ushbu tadbirda doktor Gada Hijjavi-Qaddumi nomzodi 2021-2024 yillar davomida “WCC-International” prezidenti lavozimiga, shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov Butunjahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi prezidenti lavozimiga tasdiqlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov so‘zga chiqib, 2021-2024 yillarda Butunjahon hunarmandlar kengashining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi prezidenti lavozimiga nomzodini tasdiqlashgani uchun barcha a’zolarga chuqur minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi hunarmandlari Butunjahon kengashi prezidentligi lavozimiga kirishish marosimi 2021 yil sentyabr oyida Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tadigan II Xalqaro hunarmandlar festivali doirasida o‘tkazilishi rejalashtirildi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA