“Hunarmand” uyushmasi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Bursaga bordi
O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi boshchiligidagi delegatsiyaning Turkiyaga amaliy tashrifi doirasida Bursa shahri madaniyat boshqarmasi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat, milliy hunarmandchilik va an’anaviy kasblarni rivojlantirish borasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash, ustalar o‘rtasida tajriba almashish hamda xalqaro tadbirlarda o‘zaro ishtirokni kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Turkiya xalqlarini tarixiy va madaniy mushtarakliklar birlashtirib turadi. Bunday uchrashuvlar esa ushbu yaqin aloqalarni yanada mustahkamlash, hunarmandchilik sohasida yangi loyihalar va hamkorliklarga yo‘l ochishga xizmat qiladi.
Shuningdek, amaliy tashrif doirasida delegatsiya a’zolari ipak qurtidan ip olish, ipak ipini tayyorlash va eshish jarayonlari, shuningdek, ushbu qadimiy hunarning avloddan avlodga o‘tib kelayotgan texnologiyalari bilan yaqindan tanishdilar.

Bursa — asrlar davomida ipakchilik va to‘qimachilik an’analari shakllangan, bugungi kungacha milliy hunarmandchilik sirlari asrab kelinayotgan maskanlardan biri.
Ipak — bu shunchaki tola emas. Uning har bir ipida mehnat, sabr, tajriba va asrlar davomida shakllangan hunar maktabi mujassam. O‘zbekiston va Turkiya xalqlarini birlashtirib turgan tarixiy Ipak yo‘li bugun yangi mazmun bilan davom etmoqda.
Hunarmandlar o‘rtasidagi tajriba almashinuvi esa an’anaviy hunarlarni asrash, rivojlantirish va ularni zamonaviy avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bursadagi uchrashuvlar ipakchilik sohasida yangi tajriba, yangi aloqalar va yangi hamkorliklar sari yana bir qadam bo‘ldi.
G. Boboyeva, O‘zA