Hunarli yosh - yurtga yelkadosh
FOTOREPORTAJ
Joriy yilning 20 yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda maktab bitiruvchilarining salmoqli qismi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmay kirib kelayotgani tanqid qilindi.
Ushbu yig‘ilishda ilgari surilgan vazifalardan kelib chiqqan holda endi tuman va mahallalar kesimida o‘quvchilar maktabning o‘zida 64 turdagi kasbga o‘rgatilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu tajribani joriy etish uchun har bir viloyatdan bittadan shahar va ikkitadan tuman tanlab olindi.
Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida Qashqadaryo viloyat hokimligi, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamkorligida maktab o‘quvchi yoshlarini bepul kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha loyihasiga start berildi.
[gallery-10495]
Xususan, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 16-, 24- va 44-sonli maktablarida tahsil olayotgan 62 nafar 10- va 11-sinf o‘quvchilari yengil avtomashinasozlik, og‘ir avtomashinasozlik, avtomashina akkumulyatorlari mutaxassisi, avtomashina matolariga ishlov berish, payvandchilik va qizlar uchun birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish yo‘nalishlarida 3 oylik amaliyot va bilim ko‘nikmalarini olishadi.
Aslida bu beqiyos imkoniyat, ya’ni o‘quvchi-yoshlar katta hayotga kasb-hunarli bo‘lib kirib boradi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ishtirok etdi.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA