Hududning strategik rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Har qanday hududning kelajagi tasodifan shakllanmaydi. U aniq maqsad, puxta hisob-kitob, mavjud imkoniyatni to‘g‘ri baholash va eng muhimi, belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazorat qilish orqali barpo etiladi.
Bugun Buxoroda ham taraqqiyotga ana shunday yondashuv asosida qaralmoqda. Viloyatning ertangi qiyofasi, iqtisodiy salohiyati, infratuzilmasi, aholi farovonligi va hududlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari bugundanoq aniq rejalar asosida belgilab olinmoqda. Shu maqsadda Buxoro viloyatida hududning strategik rivojlanishi, belgilangan maqsad va ko‘rsatkichlarning ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid Sharopov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining o‘rinbosari Tohirjon Safarov hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda strategik rejalashtirish va boshqaruvda yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. 2026-yil 16-fevraldagi Farmon bilan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi yangi sharoitlar va global o‘zgarishlardan kelib chiqib yangilandi. Hujjatda “maqsad — harakat — natija” tamoyiliga asoslangan strategik rejalashtirish tizimini kuchaytirish, natijadorlik ko‘rsatkichlarini aniq belgilash hamda ular ijrosini raqamlashtirilgan monitoring qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu yondashuvning mazmuni juda oddiy, ammo talabi nihoyatda katta: reja aniq bo‘ladi, mas’ul belgilanadi, natija o‘lchanadi va ijro muntazam tahlil qilinadi. Shu nuqtai nazardan, Buxoroda o‘tkazilgan yig‘ilish ham shunchaki navbatdagi yig‘ilish emas, balki hudud taraqqiyotiga uzoq muddatli nigoh bilan yondashish, bugungi imkoniyatlarni ertangi natijalar bilan bog‘lashga qaratilgan muloqot bo‘ldi.
Muloqot davomida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, mavjud tabiiy, iqtisodiy, mehnat va infratuzilma salohiyatidan oqilona foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Zero, Buxoroning har bir tumani va shahrining o‘ziga xos imkoniyatlari bor. Qaysidir hududda sanoat uchun imkoniyat katta bo‘lsa, boshqasida qishloq xo‘jaligi, turizm, xizmat ko‘rsatish yoki investitsiya salohiyati yuqori. Demak, barcha hududga bir xil yondashuv emas, balki uning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish talab etiladi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya jarayonlarini samarali tashkil etish va aholi uchun munosib sharoitlar yaratish kabi vazifalar belgilangan. Shu bois Buxoroning strategik rejalari ham quruq raqamlar yig‘indisi emas, balki odamlar hayotidagi real o‘zgarishlarga xizmat qilishi lozim.
Strategik ko‘rsatkichlar haqida gap ketganda ba’zan raqamlar oddiy statistikadek tuyuladi. Aslida esa har bir raqam ortida inson bor. Yaratilgan yangi ish o‘rni — ishsiz fuqaroning daromadi. Qurilgan maktab — farzandning ta’limi. Yaxshilangan yo‘l — aholining erkin harakati. Yangi tibbiy muassasa — inson salomatligi. Tashkil etilgan korxona — o‘nlab oilalarning farovonligi. Shu ma’noda strategiyaning haqiqiy natijasi uning sahifalarda qanchalik chiroyli yozilganida emas, balki odamlar hayotida qanchalik sezilayotganida namoyon bo‘ladi.
Uchrashuvda belgilangan vazifalar ijrosini muntazam tahlil qilish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ular bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish masalalari ham muhokama qilindi. Bu juda muhim. Chunki muammoni yashirish yoki uning oqibatini kutish emas, balki uni ilk bosqichida aniqlash va yechimini izlash samarali boshqaruvning muhim shartidir. Shu bois har bir ko‘rsatkich bo‘yicha natijani muntazam kuzatish, orqada qolayotgan yo‘nalishlarni aniqlash va mas’ullarning amaliy choralarini belgilash talab etiladi. Uchrashuvning yana bir e’tiborli jihati — Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Geoportal” tizimi imkoniyatlarining namoyish etilgani bo‘ldi. Mazkur tizim orqali hududdagi ijtimoiy va kommunal ob’ektlar, infratuzilma, mavjud resurslar hamda ularga oid ma’lumotlarni yagona platformada jamlash va tizimli aks ettirish imkoni yaratiladi.

Bu nima degani? Bu — hududni boshqarishda ma’lumotga asoslangan qarorlar qabul qilish degani. Qaysi hududda qanday ob’ekt bor? Qaysi infratuzilmaga ehtiyoj yuqori? Qaysi manzilda muammo mavjud? Qaysi hududga investitsiya kiritish maqsadga muvofiq? Qaysi loyiha aholiga ko‘proq manfaat keltiradi? Bunday savollarga raqamli ma’lumotlar asosida javob topish imkoni kengayadi. Demak, zamonaviy texnologiya endi faqat qulaylik yaratish vositasi emas, balki hududni rejalashtirish, tahlil qilish va kelajakni belgilashning muhim boshqaruv instrumentiga aylanmoqda.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish, strategik hujjatlar ijrosini ta’minlash, amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam monitoring qilib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bu vazifalarning mohiyati bir nuqtada mujassam: natija bo‘lishi kerak. Chunki taraqqiyotni faqat rejalar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Natija bilan o‘lchanadi. Buxoroning bugungi salohiyati — ertangi taraqqiyot uchun katta imkoniyat. Ammo imkoniyatning o‘zi yetarli emas. Uni to‘g‘ri rejalashtirish, oqilona boshqarish va aniq natijaga aylantirish zarur.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri