Hududlardagi ochiq muloqotlar biznes va bank hamkorligida muhim ahamiyatga ega
Amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarning samaradorligini ta’minlash, ajratilgan kredit mablag‘larining maqsadli o‘zlashtirilishini nazorat qilish muhim sanaladi. “Mikrokreditbank” mas’ullari shu kabi jihatlarga alohida ahamiyat qaratadi.
Bank rahbariyati va mutaxassislari joyarda loyihalarning belgilangan muddatlarda ishga tushirilishini ta’minlash maqsadida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar hamda investitsiya loyihalari monitoringini olib bormoqda.
Hududlarga tashriflar davomida bank rahbariyati tadbirkorlar bilan bevosita uchrashib, ularning faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar, mavjud muammolar va kelgusidagi rejalar yuzasidan ochiq fikr almashdi. Uchrashuvlarda tadbirkorlarni qiynayotgan masalalar tinglanib, ularni tezkor hal etish, zarur amaliy ko‘mak ko‘rsatish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Uchrashuv davomida poytaxtimizdagi zamonaviy mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “ENDLESS CONNECTION TRADE” MCHJ faoliyati ham o‘rganildi. Mazkur korxonada umumiy qiymati 94,8 mlrd so‘mlik loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, korxona 2026-yilning birinchi choragida ishga tushirilgan. Natijada 50 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Shuningdek, “Grand Dior” MCHJ tomonidan mehmonxona xizmati va turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan loyiha ham o‘rganildi. Umumiy qiymati 31,7 mlrd so‘m bo‘lgan loyiha 22,2 mlrd so‘m tadbirkorning o‘z mablag‘i va 9,5 mlrd so‘m bank krediti hisobidan moliyalashtirilgan. Mazkur loyiha ham joriy yilning birinchi choragida foydalanishga topshirilib, 35 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Korxonaning yillik xizmat ko‘rsatish hajmi 20,2 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Uchrashuv davomida istiqbolli loyihalardan yana biri – “Ricomel Beverages” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan salqin ichimliklar ishlab chiqarish loyihasi ham ko‘zdan kechirildi. Umumiy qiymati 183,7 mlrd so‘m bo‘lgan loyiha 2027-yilning birinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, natijada 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi 219,3 mlrd so‘mga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Hududlardagi uchrashuv va monitoringlar davomida ishlab chiqarish sur’atlari, infratuzilma holati, mavjud quvvatlar hamda tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan masalalar atroflicha o‘rganilib, ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar belgilandi.
Bank rahbariyati tomonidan joylarda olib borilayotgan bunday ochiq muloqot va monitoring tadbirlari investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda hududlarning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
I.AVVALBOEV, O‘zA
Reklama huquqi asosida