Hududiy sud: murojaatlar nazoratda
Toshkent viloyati sudlari va viloyat ma’muriy sudining joriy yil birinchi chorakdagi faoliyati yakunlari bo‘yicha brifing o‘tkazildi. Unda Prezidentimizning 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni talablari asosida viloyat sudi raisining fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek, viloyat ma’muriy sudi raisi o‘rinbosari tomonidan atroflicha ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida jami 12 ming 616 ta fuqarolik ishi ko‘rib tamomlangan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,9 foizga ko‘paygan. Bundan tashqari, fuqarolik sudlariga jami 40 ming 57 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, ularning 15 ming 54 tasi qaytarilgan yoki qabul qilishdan rad etilgan. 24 ming 955 tasi bo‘yicha sud buyruqlari chiqarilgan.

Bular asosan kommunal to‘lovlar, gaz va elektr ta’minoti bo‘yicha qarzdorliklarni undirish yuzasidan qabul qilingan. Chiqarilgan sud buyruqlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga ko‘paygan. Joriy yil boshidan beri joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullarda ham ko‘plab murojaatlarga yechim topilmoqda.
Mazkur jarayonlarda mas’ul mutaxassislar aholiga huquqiy tavsiyalar berilib, ijrosi ko‘p vaqt talab qiladigan masalalar ham nazoratga olinmoqda.

A.Musayev, O‘zA