“Hududgaz Andijon”da press-tur o‘tkazildi
Suyultirilgan gaz ta’minoti tizimidagi raqamlashtirish va yangi texnologiyalarning joriy etilishi aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, gaz yetkazib berish jarayonlarini shaffoflashtirish va xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun maxsus press-tur tashkil etildi. Jurnalistlar Asaka va Buloqboshi tumanlaridagi ob’ektlarda bo‘lib, suyultirilgan gaz ta’minotining amaliy faoliyati va raqamli texnologiyalar bilan tanishdi.
Press-tur doirasida filial direktorining suyultirilgan gaz masalalari bo‘yicha o‘rinbosari S.Nurmatov jurnalistlarga mavzuga oid quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi:
– So‘nggi yillarda suyultirilgan gaz ta’minoti tizimida raqamlashtirish ustuvor vazifaga aylandi. Bu avvalo, iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, navbatlar va qog‘ozbozlikka barham berish, joylarda gaz yetkazib berish jarayonlarini shaffoflashtirishga xizmat qiladi. Qo‘llanilayotgan elektron navbat, onlayn nazorat va avtomatlashtirilgan taqsimot tizimlari aholining kundalik turmushini yengillashtirib, tizimdagi inson omilini kamaytirish imkonini beryapti.
Press-tur davomida jurnalistlar Asaka tumanidagi maishiy gaz ballonlaridan og‘ir qoldiqni to‘kish va ta’mirlash markazi, “Asaka” gaz to‘ldirish shoxobchasi va Buloqboshi tumani “Qaqir” MFYda Face ID orqali gaz yetkazib berish jarayoni bilan tanishdi.
Hozirgi kunda Andijon viloyatidagi 776 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi 494 586 nafar aholi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. Viloyatda umumiy 652 610 dona maishiy gaz balloni mavjud bo‘lib, ta’minot darajasi 132 foizni tashkil etadi. Yil boshidan buyon aholiga 94 ta maxsus avtotransport vositasi yordamida 74 ming tonnadan ziyod suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
Qish mavsumida aholiga jami 43 337 tonna gaz tarqatilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Asaka tumani markazida bir kunda 300-400 dona ballonga texnik xizmat ko‘rsatilib, og‘ir qoldiq chiqarib olinmoqda.
[gallery-26367]
Buloqboshi tumani “Qaqir” MFYda joylashgan 1 439 nafar iste’molchiga Face ID va NFC tizimlari orqali gaz yetkazib beriladi. Barcha gaz tashuvchi mashinalar onlayn kuzatuv kameralari va nazorat tarozilari bilan jihozlangan. Mahalla ahliga 1 465 dona maishiy gaz balloni ijara asosida tarqatilgan bo‘lib, gaz yetkazib berish davriyligi o‘rtacha 40-45 kunni tashkil etadi. Yil boshidan buyon mahalla ahliga 221 tonnadan ziyod gaz yetkazib berildi.
Press-tur “Hududgaz Andijon” filialida jurnalistlarni kutib olishdan boshlanib, Asaka va Buloqboshi tumanlaridagi ob’ektlarga tashrif bilan yakunlandi. Tadbirda filialning mas’ul xodimlari hamda sohadagi yangi tizimlarning faoliyati atroflicha namoyish etildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari