Hozir tushkunlikning mavridi emas!
Falokat oyoq ostida, deydilar. Musibat esa bir sinov.
El boshiga ish tushganda
Falokat oyoq ostida, deydilar. Musibat esa bir sinov. Bunday ogʻir pallalarda shariatimizning hukmi qatʼiy: najotni sabrdan izlash kerak!
Chindanam hozir tushkunlikning mavridi emas! Aksincha, hamjihatlik, birdamlik, ahillikka ehtiyojimiz katta!
Mana, sabr-toqatimiz tufayli tojdor virus degan balo asta-sekinlik bilan yurtimizdan chekina boshlayapti. Kasallanish soni kamayib, tuzalish darajasi ortayotganining oʻzi katta gap! Ikki oy uyda oʻtirib, bir joyimiz kamayib ham qolgani yoʻq. Qaytanga, jonimizni omon saqlayapmiz.
Toʻgʻri, avval Buxorodagi, soʻng Sardobadagi ofatlar xalqimiz uchun ogʻir kulfat boʻldi. Talafotlarning oʻrni har qancha toʻldirilmasin, koʻngillarda chuqur jarohatlar izi qolishi ham tayin. Ammo xalqimiz qanchalar saxovatli, bagʻrikeng, mehridaryo ekanligini shunday sinovli kunlarda hammamiz koʻrdik.
Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridan koʻchirilgan yurtdoshlarimizning 81 foizini Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlarida yashovchilar oʻz ixtiyorlari bilan xonadonlariga joylashtirishdi. Qolaversa, turli yeguliklar, keyim-kechagu koʻrpa-toʻshaklar ortilgan uzundan-uzun mashinalar karvoni hozir ham toʻxtagani yoʻq. Bir tomonda davlat tashkilotlariyu mahalliy hokimliklar, yana bir tomonda saxovatpesha homiylaru koʻngillilar...
Hatto bir voqeani eshitib juda taʼsirlandim. Karantin sharoitida oʻta muhtoj bir ayolga “Odamiylik” degan koʻrsatuv orqali muruvvat koʻrsatilibdi. Oziq-ovqat, noz-neʼmatlar, ozroq pul deganday... Sardobada falokat yuz bergach, oʻsha mushtipar ayol yana qoʻngʻiroq qilib nima deganini bilasmi?
— Sardoba uchun xayriya aksiyasi oʻtkazilayotganini eshitib qoldim, men ham 20 ming soʻm pul oʻtqazmoqchi edim. U yerda oʻzimdanam ahvoli yomonlar bor ekan...
Ana sizga chinakam oʻzbekchilik, haqiqiy mehr-oqibat! Oʻzi yordamga muhtoj boʻla turib, boshqalarning qaygʻusi bilan yashayoganlarni kim deb ulugʻlash kerak?
Gina-kuduratga oʻrin qolmadi!
Sardoba talafotlari koʻlami, afsuski, kichik emas. Toʻgʻon oʻpirilgach, 276 kvadrat kilometr maydonni suv bosgani, 24 mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududlarga koʻchirilganidan xabaringiz bor. Eng yomoni, hozirgacha 4 nafar fuqaromiz tabiiy ofat qurboniga aylandi, 1 nafari bedarak yoʻqolgan. Davlatimiz ana shu talafotlar oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha zarur kuchlarni safarbar qilgan. Kerakli hamma choralar koʻrilyapti. Hukumat komissiyasi ishlamoqda.
Ammo yon qoʻshni-jon qoʻshnimiz — Qozogʻiston davlati va xalqi oldida juda qattiq hijolatdamiz. Afsusimiz ham cheksiz. Yurtimizda roʻy bergan texnogen ofat tufayli Maqtaral tumanining ayrim aholi punktlarini ham suv bosdi. 845 uy vayron boʻlgan. 14 qishloqdan jami 31606 aholi evakuatsiya qilingan. Koʻrinadiki, ularning boshiga tushgan koʻrgiliklar biznikidan kam emas.
Shunga qaramay, qozoq birodarlarimiz bizni toʻgʻri tushunishdi. Oramizga nifoq solmoqchi, etni tirnoqdan ajratmoqchi boʻlgan buzgʻunchi kuchlarning gʻarazli niyatlari amalga oshmadi. Azal-azaldan bir daryodan suv ichib, oʻzaro quda-anda boʻlib yashagan qon-qardosh xalqlar qaygʻuli kunlarida ham bir-birlariga yelka tutdilar. Sinovli damlarda gina-kuduratga oʻrin qolmadi.
“Biz qozogʻistonlik birodarlarimizga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda kerakli yordamni berishga tayyormiz” dedi Prezidentimiz. Shunday ham boʻlyapti!
Ikki mamlakat rahbarlarining telefon orqali muloqoti oʻzaro tushunish va ochiqlik ruhida kechdi. Masala atroflicha muhokama qilib olindi. Kuchlar birlashdi. Hozir ikki davlat hamkorligida talafot oqibatlarini bartaraf etishga kirishilgan.
Mayli, bunday yomon kunlarimiz ham ortda qolishiga hech qanday shak-shubha yoʻq. Lekin koʻhna naqlda aytilganidek, har yomonlikda ham bir xayr bor. Bizni quvontirgan jihat — shu!
“Oʻzbeklarda insof bor ekan!”
Toʻgʻri yoʻlni tanlabmiz! Yaratganga shukr, olomon emas, jips xalq boʻlganimizni koʻrsata oldik butun dunyoga! Davlatimiz rahbari yurtdoshlarimizni oʻz ortidan ergashtira oldi.
Soʻnggi kunlarda qozoq birodarlarimizning ijtimoiy tarmoqlarda yozib qoldirayotgan izohlarini koʻrib, oʻzbekligimizdan faxrlanib ketyapmiz.
Ulardan biri — Nasiba Ibragimova. U “Feysbuk”dagi sahifasida shunday fikr qoldiribdi: “oʻzbeklar talofat koʻrgan birodarlariga kiyim-kechak, yeguliklar, koʻrpa-toʻshak tarqatyapti. Biz ham talofat koʻrgan qozoqlarimizga saxovat koʻrsataylik. Oramizdan tashkilotchi chiqib, bu tadbirni butun Qozogʻistonga yoyaylik... Oʻzbeklarni koʻrmaysizlarmi, Prezidentining oʻzi, suv kechib, yoʻqotgan hamma narsalaring, hujjatlaringgacha yangilab beramiz, deyayotir...”
Munira Saktanovaning qisqagina izohi ham shu mazmunda:
“Oʻzbekiston Prezidentiga oson tutib boʻlmaydi hozir, hammasini oʻzim qilib beraman, deb gardaniga oldi. Bovurlarimizga sabr bersin!”
Shuningdek, Venera Yeleushenova “Talafot joyida shaxsan Oʻzbekiston Prezidentining oʻzi turib qutqaruv ishlariga bosh boʻlmoqda” deb yozsa, Alifbek Aminov degan foydalanuvchi “Bundan oʻrnak olsa arziydi” deb uning fikrini maʼqullaydi.
Xullas, Prezidentimiz va xalqimiz birdamligiga tasanno aytib qoldirilgan bunday fikrlarga ijtimoiy tarmoqlarda juda koʻp duch kelyapmiz.
Quyidagi videolavha ham shu haqda. Unda qozoq qardoshlarimiz Maqtaral tumanidagi suv bosgan hududlarga ish olib borayotgan Oʻzbekiston vakillarini mamnuniyat bilan tasvirga olibdi.
“Mana, Oʻzbekistondan oʻttiz chogʻli qudratli mashina kelib, bizning ovulimizni qutqarmoqda. Nasoslar yordamida suvni chiqarishyapti. Oʻzbekistonga rahmat! Oʻzbeklarda insof bor ekan! Barakalla!..” degan mazmundagi minnatdorlik soʻzlarini eshitasiz.
Doʻst doʻstga boqar, suv soyga oqar, degan hikmat bor xalq orasida. Mana, qoʻshni mamlakatdagi toshqindan zarar koʻrgan hududlardan ham suvlar chiqazilib, soylarga oqizilyapti. Vaqti kelib bu ovullarda yana hayot avvalgi iziga tushishiga ishonamiz. Oʻzbek xalqi esa ana shu ofatdan zarar koʻrgan qozoq birodarlarimizning qaygʻusiga hamisha sherik! Qozoq qardoshlarimiz ham, oʻz navbatida, bizga doimo hamdard. Haqiqiy doʻstlik aslida shunday boʻlishi ham kerak!