Hosilning asosiy qismi mashinalarda terib olinadi
Bu yil Jizzax viloyatida 77 ming 900 gektar maydonga chigit ekildi va mo‘l hosil yetishtirildi. Hozir paxta yetishtiruvchi 7 ta tumanning barchasida yig‘im-terim ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Viloyatdagi hosilning asosiy qismi “Keys”, “Jonder” hamda “MXA-1.8” rusumli yangi zamonaviy paxta terish mashinalarida terib olinishi rejalashtirilgan. Shu sababdan 400 ga yaqin terim agregati, shuningdek, terilgan hosilni paxta qabul qilish punktlariga yetkazish maqsadida 1 ming 424 ta transport vositalari va tirkamalar jalb qilingan.
Do‘stlik tumani paxta xom ashyosini yetishtirish bo‘yicha viloyatda yetakchi o‘rinni egallaydi. Tuman bo‘yicha 14 ming 459 gektar paxta maydoniga baraka urug‘i qadaldi, “Sangzor-textile” paxta-to‘qimachilik klasteri va 336 ta paxtachilik fermer xo‘jaligi o‘rtasidagi manfaatli munosabatlar o‘z samarasini bermoqda.
[gallery-13549]
– “Oqoltin” fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasining (FXHU) 1 ming 125 gektar maydonida birinchi terim davom etmoqda. Fermer xo‘jaligi paxta maydonining har gektaridan olinadigan hosildorlik 40 sentnerdan yuqori ko‘rsatgichni bermoqda. Ikkinchi terim bilan 45 sentnerdan hosil olishni mo‘ljallab qo‘yganmiz, – deydi “Shoxsunnatillo-11” fermer xo‘jaligi rahbari Shahob Abdurahmonov.
– Bu yil tejamkor agrotexnologiyalardan foydalangan holda mehnat qilindi, – deydi Do‘stlik tuman hokimining o‘rinbosari Murodjon Allashov. – “Sangzor-textile” paxta-to‘qimachilik klasteri va paxtachilik fermer xo‘jaliklari o‘rtasida qimmatbaho xomashyoni yetishtirishda tuzilgan shartnomaga asosan 58 ming 364 tonna xirmon bunyod etish rejasi tuzilgan. Shundan, umumiy hosilning 71 foizdan ortig‘ini terib olish mashinalar zimmasiga to‘g‘ri keladi. Tuman dalalaridan bir kunda 500 tonnadan ortiq hosil terilib, paxta qabul qilish va qayta ishlash korxonalariga yetkazilmoqda. Har bir bunker terilgan paxta uchun 50 ming so‘mdan haq to‘lanishi esa ish unumdorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari