Hokimlar “Bag‘dod tajribasi”ni o‘rganmoqda
Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 92 milliard so‘mlik ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
bugungi kunda toshloq, tashlandiq joyda 50 ta 5 qavatli uy-joylar qurilmoqda. Prezidentimizning topshirig‘i asosida mamlakatimizning barcha viloyatlaridagi shahar-tuman hokimlari bu yerda bo‘lib, uy-joy qurilish bo‘yicha tajribani o‘rganmoqda.
Toshkent viloyati shahar va tumanlari hokimlaridan iborat delegatsiya Guliston yo‘ldosh shaharchasida davom etayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Darhaqiqat, bugun mazkur hudud ulkan qurilish maydoniga aylangan: usta-quruvchilarning qo‘li-qo‘liga tegmayapti, yuk ko‘tarish texnikalari dam-badam osmonga niqtalaydi, birov g‘isht tergan, birov loy tashigan, boshqasi beton ishlari bilan band. Qurilishi belgilangan 50 ta ko‘p qavatli uylar sekin-asta qad rostlamoqda.

Shuningdek, “Muruvvat” mahalla fuqarolar yig‘ini tarkibidagi Guliston qishlog‘ida “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida tizimli ishlar boshlangan. Ichki yo‘llarni tartibga keltirish, aholi xonadonlarini ta’mirlash, kommunikatsiya tarmoqlarini tortish va keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari qizg‘in davom etayotir. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari 2,7 kilometr masofada yangi tarmoq tortish va 1 ta transformator punkti o‘rnatish bo‘yicha ish olib bormoqda.
– Ustalar har bitta g‘ishtni mehr bilan terayotganiga e’tibor qaratdim, – deydi Toshkent viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhratjon Hakimov. – Aytish mumkinki, bu uylar aholi roziligi uchun, ular turmushini yanada farovonlashtirish uchun qurilmoqda. Prezidentimiz bejiz “Bag‘dod tajribasi”ni o‘rganishni barchamizga tavsiya etmadi. Bu yerda, eng avvalo, tabiiy iqlim sharoiti va kommunikativ tarmoqlarning o‘zaro mujassamligi e’tiborimni tortdi. Qolaversa, bunda uy-joy qurayotgan qurilish tashkilotlarining aksari o‘z ishlab chiqarish liniyalariga ega ekan. Ana shu jihatlar uylar narxining sezilarli darajada arzonligiga sabab bo‘lgan, deb o‘ylayman. Joriy yilda Toshkent viloyatining turli manzillarida 3 mingta ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Yangi uylar uchun joy tanlashda va loyihalash ishlarida, albatta, “Bag‘dod tajribasi”ga tayanamiz.

Gulchehra Qosimova – yolg‘iz ona sifatida ijtimoiy himoyaga olingan. 2019 yilda tuman markazidagi yangi ko‘p qavatli uydan bitta xonadon unga imtiyozli tarzda ajratib berilgan. Obodonlashtirish boshqarmasida ishlab, ham ro‘zg‘or yuritadi, ham uyning kreditini to‘laydi. Opa Guliston yo‘ldosh shaharchasiga yondosh hududda mingta issiqxona qurilayotganini eshitgan kuniyoq tuman hokimiga ariza bilan murojaat qildi. Uning murojaati qanoatlantirib, issiqxona berildi. Hozirda limon ko‘chatlari ekilib, foydalanish uchun topshirishga tayyorlanmoqda.
– O‘zlari ekib berishyapti, – deydi opa biz bilan suhbatda. – Ko‘chatlar 3 yillik ekan, nasib qilsa, shu yildanoq oz-moz hosil olishni boshlayman. Lekin kech kuzga qadar “limon qachon pisharkin” deb qarab o‘tirmoqchi emasman. Hozir qator orasiga qalampir ekishni mo‘ljallab turibman. Keyinroq pomidor va bodring ekaman. Hisobimga ko‘ra, issiqxona kreditini 5 yil deganda bemalol uzish mumkin ekan.
Yangi uyga ko‘chib keladigan oilalarni doimiy daromad manbaiga ega qilish, ular uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish tuman hokimligi mutasaddilari tomonidan alohida e’tiborga olingan. Shu maqsadda 100 gektardan ziyodroq maydonda har biri 10 sotixdan bo‘lgan 1000 ta issiqxona qurilmoqda. Issiqxonalar “Turonbank” tomonidan 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga ajratilgan kredit evaziga talabgorlarga ortiqcha rasmiyatchiliklarsiz berilmoqda. Bundan tashqari, shu hududda “Muruvvat” nomli yoshlar kichik sanoat zonasi ham barpo etilmoqdaki, bundagi 60 ga yaqin tadbirkorlik loyihalari to‘liq quvvatda ishlay boshlasa, 850 ta yangi ish o‘rni paydo bo‘ladi.
– Har hududning o‘ziga xos drayveri bor, – deydi Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Ahmedov. – Masalan, bizda turizm, mehmon uylari, asalarichilik keng rivojlangan. Bag‘dodda esa limonchilik, qalampir va supurgi yetishtirish bilan shug‘ullanuvchilar ko‘p ekan. Demak, dasht hududida – yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning shundoqqina yonginasida buncha issiqxona qurilayotgani bejizga emas. Guvohi bo‘ldikki, bag‘dodliklar marrani katta olishgan va ko‘zlangan natijaga albatta erishilishiga qat’iy ishonamiz.
Mehmonlar shu kuni “G‘ofurjon dehqon” fermer xo‘jaligining zamonaviy chorvachilik kompleksida amalga oshirilayotgan loyihalar bilanham tanishishdi.
M. Sulaymonov,
O‘zA muxbiri