Hokim yordamchilari muammolarni bartaraf etmoqda
Buxoro viloyatidagi 544 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyat yuritmoqda.
Hokim yordamchilari mahalladagi ishsiz aholini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, respublika vakillari bilan birgalikda o‘ziga biriktirilgan mahallani rivojlantirish bo‘yicha 2022 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ni ishlab chiqib, ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etadi. Shuningdek, “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari doirasida o‘z mahallasida o‘rganishlar o‘tkazib, ijtimoiy reyestrni qaytadan shakllantiradi. Ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti og‘ir oilalarni o‘qitish va o‘z ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xo‘jaligi uchun ularga yer maydonlari ajratishni yo‘lga qo‘yadi.

Otabek Otamurodov Buxoro tumani hokimining “Rabotipoyon” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi lavozimiga kirishganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Hokim yordamchisi mahalla ma’muriyati, hududda yashovchi saxovatpesha tadbirkorlar hamkorligida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.
– O‘rganishlar davomida mahallaning Qutisoz qishlog‘ida “Boboyi Shergir” qabristoni, 18-sonli umumta’lim maktabiga olib boradigan yo‘l ta’mirtalab ahvoldaligi aniqlandi, – deydi Otabek Otamurodov. — Tashabbuskor tadbirkorlar bilan qilingan hisob-kitobga ko‘ra bu ko‘chani shag‘allashtirishga 5 million so‘m atrofida mablag‘ zarur edi. Shundan so‘ng tuman hokimligi yo‘llardan foydalanish unitar korxonasiga murojaat bilan chiqdik. Bizga yo‘l asosini tekislab, shag‘al yozadigan maxsus greyder texnikasi va yuk tashuvchi 4 ta “HAVO” avtomashinani berildi.

Hokim yordamchisi tashabbusi va xayrixohligi sabab mahalla yo‘lining 2 kilometri shag‘allashtirildi.
Vobkent tumandagi “Mo‘minobod” mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi lavozimiga tayinlangan Islom Vohidov ishni mahallaning ijtimoiy holatini o‘rganib chiqishdan, hududda qilinishi lozim bo‘lgan bir qator muammo va masalalarni bartaraf etishdan boshladi.

– Bugun “Mo‘minobod” mahallasi hududida ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekdik, – deydi Islom Vohidov. – 71 ta ijtimoiy sharoiti og‘ir xonadon aniqlanib, ijtimoiy va moddiy ko‘mak berish ishlari boshlandi. Mahallaning kirish yo‘laklariga shag‘al yotqizildi. 1 ta ehtiyojmand xonadonning devorlari oqlanib, eshik, deraza-romlari va uyning tashqi qismida ta’mirlash choralari ko‘rildi. 4 ta xonadonning tomlari ta’mirlanadigan bo‘ldi. “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” da ro‘yxatda turuvchi fuqarolar ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, parrandachilik, asalarichilik, issiqxona va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirgan 71 nafar fuqarolar ro‘yxati shakllantirildi. O‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga bank krediti va yoki subsidiya ajratiladi.
Zarif Komilov, O‘zA